O‘zSSP Birinchi Prezidentimiz vafoti munosabati bilan o‘z hamdardligini bildirdi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.
Prezidentimiz portreti poyiga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi yuksak hurmat bajo keltirib, gullar qo‘ydi.
Yurtboshimiz Islom Karimovning O‘zbekiston taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo‘lida amalga oshirgan ishlari, islohotlari yillar osha qadri yuksalib borishiga shubha yo‘q. Bu insonning xotirasini nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar ham mustaqilligimiz me’mori sifatida yuksak qadrlaydi.
Islom Karimov — tinchlikparvar siyosatchi, buyuk davlat asoschisi sifatida jahon tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Nigohlarida qat’iyat, ishonch va mehr balqib turgan Islom Karimovning suratiga qarab, shu zaminda yashayotgan har bir inson buyuk Prezidentimiz amalga oshirgan ezgu ishlar — xalqimiz uchun dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlar yaratilgani, qudratli davlatchiligimiz barpo etilgani, davlatimiz jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lganini yana bir bor his qilib, bularni ko‘z qorachig‘idek asrash, boshlangan ezgu ishlarni davom ettirishga mas’ul ekanini teran anglamoqda.
Prezidentimizning “Bizga tinchlik va omonlik kerak” degan ezgu da’vati O‘zbekiston onalarining dilidagi, tilidagi orzu-niyati bo‘lib kelgan, ana shunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqargan Islom Karimov yurtimizda millatlar va fuqarolararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini qaror toptirdi, mustahkamladi. Bu barqaror muhit yurtimizda barcha sohalarda yuksak yutuq va natijalarga erishilishiga puxta zamin yaratdi. Biz buni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, kelajak avlodimizga tinch va obod Vatan qoldirish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishimiz shart.
“Biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va kam bo‘lmaymiz”, degan da’vatlari bizni doim olg‘a intilishga undaydi. Yurtboshimizning pok ruhi, o‘gitlari bizlarga mustahkam tayanch bo‘ladi.
O‘zSSP Matbuot xizmati
05.09.2016
17:30