Sirdaryoda “Gʼallachilik tarmogʼi va uni qayta ishlash sanoatida amalga oshirilgan tizimli islohotlar” mavzusida press-tur tashkil etildi
Soʼnggi yillarda mamlakatimiz agrar sohasi tubdan isloh qilinib, tarkibiy tuzilishi zamon talablari darajasiga keltirildi. Gʼalla maydonlari kengaytirilib, don ekinlari selektsiyasi va urugʼchiligi, shuningdek, bugʼdoy yetishtirish, uni nest-nobud qilmay yigʼishtirib olish hamda sifatli saqlash, qolaversa, chuqur qayta ishlash borasida mukammal mexanizm yaratildi.
Oʼzbekiston tarixan juda qisqa davr ichida gʼalla mustaqilligini qoʼlga kiritdi. Don va non mahsulotlari import qiluvchidan eksport qiluvchi davlatga aylandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʼzagroinspektsiya”si va uning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan “Gʼallachilik tarmogʼi va uni qayta ishlash sanoatida amalga oshirilgan tizimli islohotlar” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar uchun viloyatning Sayxunobod tumanida joylashgan "Oqoltindonmahsulotlari” aktsiyadorlik jamiyatiga press-tur tashkil etildi.
Unda, soha xodimlari amalga oshirilayotgan ishlar, boshoqli don mahsulotlarni yetishtirish, saqlash va tayyor mahsulot holiga keltirilib, aholi dasturxonigacha yetib boradigan jarayonlar toʼgʼrisida ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistlarga maʼlumot berishdi.
Oʼzagroinspektsiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosarining soʼzlariga koʼra, Sirdaryo viloyatida 2021 yil hosili uchun 85 000 gektar maydonlarda boshoqli don ekilib, jami 175 228 tonna, shundan 153 978 tonna tovar va 21 250 tonna urugʼlik don yetishtirish rejalashtirilgan. Joriy yilning iyun oyi holatiga viloyatda jami 181 539,5 tonna jamgʼarilgan boʼlib, shundan, 177 427,4 tonnasi bugʼdoy va 4 112,1 tonna arpa boshoqli don mahsulotlarini tashkil etgan. Jamgʼarilgan bugʼdoyning 177 379,1 tonna, yaʼni 99,9% ni 3 sinfga, 48,3 tonnasi 5 sinfga mansub. Jami jamgʼarilgan bugʼdoyning 21 746,0 tonnasi urugʼlik hisobida don saqlash shaxobchalariga topshirilgan.
Mazkur jamgʼarilgan don partiyalari “Oqoltindonmahsulotlari” va “Xovosdonmahsulotlari” aktsiyadorlik jamiyatlarining bosh korxonalari yopiq sigʼimlariga joylashtirish uchun, belgilangan grafik asosida nes-nobud qilinmay toʼliq yetkazib berilgan.
Har yili viloyatda 7500 tonnadan ortiq urugʼlik bugʼdoy jamgʼarilmas edi, viloyat ehtiyoji uchun kerakli miqdordagi urugʼlik doni Аndijon viloyatidan olib kelingan.
Bu yil viloyatda 225 ta fermer xoʼjaliklarining 9486 gektar yer maydonlarida 21250 tonna urugʼlik don jamgʼarish rejalashtirilgan boʼlib, viloyat aprobatsiya ishchi guruhi tomonidan oʼtkazilgan aprobatsiya jarayonlarida 102 ta fermer xoʼjaliklarining 4045 gektar maydoni begona oʼt va nav aralashmasi yuqori boʼlganligi sababli yaroqsiz deb topilgan boʼlsada, qolgan 5441 gektar maydondan fermer xoʼjaliklarining oʼz vaqtida agrotexnik tadbirlarni sifatli oʼtkazilishi natijasida viloyatda ilk bor urugʼlik don zaxirasi 21 746 tonnaga jamgʼarilib, reja 102 foizga bajarildi.
Shuningdek, viloyat hokimining 23.08.2021 yildagi qaroriga koʼra, 2022 yil gʼalla hosili uchun viloyat tumanlarida 2199 ta fermer hamda klaster korxonalari tomonidan jami 80 000 gektar maydonlarga gʼalla ekish rejalashtirilgan. Shundan ochiq maydonlarda 30567 gektar, gʼoʼza qator orasida 49433 gektarni tashkil etadi.
“Oqoltindonmahsulotlari” АJ tomonidan 2022 yil hosilidan boshoqli don ekinlari urugʼlarini tayyorlash 20000 tonna bajarish rejalashtirilib, shundan navlar boʼyicha Аsr navidan 5800 tonna, Аndijon-2 navidan 600 tonna, Аlekseich navidan 3200 tonna, Bobur navidan 2800 tonna, Zimnitsa navidan 2900 tonna, Zvezda navidan 1000 tonna, Gʼozgʼon navidan 500 tonna, Pervitsa navidan 2000 tonna hamda boshqa navlardan 1200 tonna urugʼlik gʼalla tayyorlash belgilangan.
Bugungi kunda mazkur korxonaning urugʼlik sexlaritomonidan 13 275 tonna boshoqli don dorilanib polietilen qoplarga joylashtirilgan. Tayyor boʼlgan urugʼlik gʼalla peshma-pesh tuman urugʼlik tarqatish shahobchalarga tarqatilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, 2021 yil Sirdaryo viloyatida ilk marotaba klaster va fermer xoʼjaliklari tomonidan jamgʼarilgan urugʼlik bugʼdoy doni oʼz viloyatimiz ehtiyoji uchun yetarli darajada jamgʼarildi, shuning bilan birga 24 milliard 555 million soʼm mablagʼ viloyatimizdagi fermer xoʼjaliklari va don klasterlari ixtiyorida qolgan.
Tashkil etilgan press-tur jarayonida “Oʼzagroinspektsiya”ning viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʼlimi va “Oʼzagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan don mahsulotlarini laboratoriyadan oʼtkazish tartibi, saqlanishi va qayta ishlanishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, istiqbolli rejalar toʼgʼrisida qoʼshimcha maʼlumot ham berildi.
30.08.2021
09:23