Eksportyor korxonalarga 5 million AQSh dollarigacha bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etiladi
1 oktyabrdan boshlab eksport hajmi 20 mln AQSh dollaridan oshgan korxonalarga eksport savdo operatsiyalari uchun 5 mln dollargacha bo‘lgan bir martalik moliyaviy resurslar taqdim etiladi.
“Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan:
- Yillik eksport hajmi 20 million AQSh dollaridan oshgan korxonalarga eksport savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 5 million AQSh dollarigacha miqdorda, bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;
- Oxirgi 12 oy davomida 1 million AQSh dollaridan ortiq tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalarga asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 120 kunga kechiktirish imkoniyati beriladi.
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga jarimalar qo‘llanilishi 2021 yil 31 dekabrgacha to‘xtatiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1 oktyabrdan yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xomashyo, o‘lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.
Manbaa: review.uz
14.09.2021
12:40