Toshkentda Oʼzbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yigʼilishi boʼlib oʼtdi
Toshkentda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik boʼyicha Oʼzbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʼrinbosari E.Orazgeldiev, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi А.Ikramov hamda Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi D. Rejepov va boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Yigʼilish kun tartibi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika, qishloq xoʼjaligi, suv xoʼjaligi, ilmiy-texnik, transport va tranzit, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning keng koʼlamli masalalarini qamrab oldi.
HK hamraislari oʼz chiqishlarida ikkala Hukumatning konstruktiv, uzoq muddatli va oʼzaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga sodiqligini, shuningdek, Oʼzbekiston va Turkmaniston oʼrtasidagi iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtiborni qayd etdilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi ijobiy tendentsiyalar qayd etildi. Аyni paytda Oʼzbekistonda turkman kapitali ishtirokida 160 korxona faoliyat koʼrsatmoqda hamda joriy yilning birinchi yarmida ikki mamlakat oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʼtgan yilning shu davridagiga nisbatan 20 foizga oshdi.
Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotining qiyosiy ustunliklarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish va uzluksiz qoʼshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish zarurligi toʼgʼrisida yakdil fikr bildirdilar. Qishloq xoʼjaligi, toʼqimachilik, charm-poyabzal sanoati, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish boʼyicha kelishuvga erishildi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʼyicha aniq loyihalarni oʼz ichiga olgan “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishildi.
Tadbir davomida uchrashuv ishtirokchilari – ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ham soʼzga chiqib, muayyan sohadagi hamkorlik qilishga doir navbatdagi tadbirlar haqida oʼz qarashlarini bayon etdilar.
HK yakunlari boʼyicha energetika, neft va gaz sohasi, kimyo va avtomobil sanoati, qishloq va suv xoʼjaligi, ekologiya, fan, taʼlim, sport va turizm sohalarida yanada amaliy hamkorlik qilish boʼyicha qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Yigʼilish yakunida tadbir davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, ikki davlat oʼrtasidagi koʼp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʼnalishlari aks etgan Oʼzbekiston-Turkmaniston HK 16-yigʼilishi Bayonnomasi imzolandi.
15.09.2021
09:33