Budapeshtda Turkiy tilli mamlakatlar hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar Savdo-sanoat palatalarining navbatdagi yig‘ilishi va biznes forum bo‘lib o‘tdi
2021 yilning 23 sentyabr' kuni Vengriyaning Budapesht shahrida Turkiy tilli mamlakatlar hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar Savdo-sanoat palatalari yig‘ilishi va ushbu davlatlar ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston ishbilarmonlar vakillari ham ishtirok etdilar.
Mazkur yig‘ilishda Ozarbayjon, Turkiya Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Vengriya Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, Vengriya Eksportni rivojlantirish agentligi (HEPA) hamda Vengriya Investisiyalarni jalb etish agentligi (HIPA) ijrochi direktorlari ham qatnashdilar.
Tadbir avvalida Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar kotibi T.Varga so‘zga chiqib, Turkiy tilli mamlakatlar kengashiga a'zo va kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Vengriya aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasiga e'tibor qaratib o‘tdi. Qolaversa, ushbu davlatlar va Vengriya o‘rtasida iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga alohida e'tibor qaratayotganini ta'kidladi, shuningdek, ikki davlat ishbilarmonlarini o‘zaro aloqalarni faollashtirishga chaqirdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov ham o‘z nutqida O‘zbekiston va kengashga a'zo hamda kuzatuvchi davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlanib borayotgani, so‘ngi yillarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlanayotganligini ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbir davomidagi biznes muloqotlar ham mamlakatlar ishbilarmon doiralari uchun keng va qulay imkoniyat yaratib kelgusida samarali natijalarga erishishda asosiy vazifasini o‘tashiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida Ozarbayjon, Turkiya Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Vengriya Savdo-sanoat palatalari hamda Vengriya Investisiyalarni jalb etish agentligining (HIPA) Kengash davlatlari bilan o‘zaro savdo hamda iqtisodiy hamkorlikning ustvor yo‘nalishlari bo‘yicha ma'ruza va taqdimotlari bilan tanishtirildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriya davlatlarning 100 nafardan ortiq tadbirkorlari va investorlari jalb etilgan tarmoqlar taqdimoti va B2B formatidagi sessiyalari hamda manzilli uchrashuvlari tashkil etildi.
Bu esa Kengashga a'zo davlatlar vakillariga qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun biznes g‘oya almashish va aloqa o‘rnatish imkonini beradi.
23.09.2021
15:07