Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘g‘ri hisoblash tadbirkor uchun koni foyda
Davlatimiz rahbari I.A.Karimov tomonidan 2005 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlisida qilingan ma’ruzada soliq tizimi hech qanday moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi kerak emasligi, u avvalo rag‘batlantiruvchi asosga ega bo‘lib, barcha soliq to‘lovchilar, jismoniy va yuridik shaxslarni soliqdan qochishga, o‘z daromadlarini yashirishga emas, balki ishlab chiqarishni rivojlantirish, o‘z daromadlarini ko‘paytirishga asos bo‘lib xizmat qilishi lozimligi, soliqlar aniq manzilli xarakterga ega bo‘lishi kerakligi, soliq to‘lovchilar nima uchun va qancha miqdorda soliq to‘lashlarini aniq tasavvur qilishlarining zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Shu bilan birga, yurtboshimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi Savdo-sanoat palatasini jalb qilgan holda amaldagi soliq qonunchiligini tanqidiy tahlil qilib, shu asosda soliq kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish, soliq qonunchiligini soddalashtirish vazifasi yuklatilgan.
Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Soliq qonunchiligining joylarda tadbiq etilishi doimiy ravishda o‘rganilmoqda.
Shu asosda, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan rejali va rejadan tashqari tekshiruvlarda monitoringini olib boradi, ularning natijlarini tahlil qilib, Palata a’zolari hisoblangan tadbirkorlar faoliyatidagi barcha tekshiruvlarda ishtirok etadi, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qiladi.
Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz va hukumatimiz tashabbuslari bilan tadbirkorlik faoliyatida rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar sonini yildan yilga qisqartirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2012 yilda tadbirkorlik sub’ektlarida belgilangan aynan rejali tekshiruvlar soni 5 126 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilda ushbu ko‘rsatkich 4 514 tani yoki 2012 yilga nisbatan 612 taga kamni, 2016 yilda esa 4 555 ta kutilayotganini, qolaversa, yil boshida tasdiqlangan reja jadval oyma-oy kamaytirib borilishini (har yili yilning boshida rejali tekshiruvga kiritilgan tadbirkorlardan o‘rtacha 150 tasi rejali tekshiruv jadvalidan chiqarilmoqda) inobatga olganda joriy yilda ham rejali tekshiruvlar 2012 yilga nisbatan taxminan 700 tadan ortiqqa, 2014 yilga nisbatan esa taxminan 100 tadan ortiqqa kamayishi fikrimiz yaqqol dalilidir.
Ammo, hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga keng ko‘lamda imkoniyatlar yaratib berilayotganligiga qaramasdan, monitoring o‘tkazish davomida aniq bo‘lmoqdaki tekshiruvlar jarayonida tadbirkorlar faoliyatida hanuz kamchiliklar mavjudligi aniqlanmoqda. Natijada bu holatlar tadbirkorlarga belgilangan tartibda ta’sir choralar qo‘llanilishi, jarimaga tortilishiga asos bo‘lmoqda.
2016 yilning 6 oyi davomida rejali tekshiruv o‘tkazilgan tadbirkorlarda Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilgan tanlanma o‘rganish natijalariga ko‘ra, yo‘l qo‘yilayotgan asosiy kamchiliklar qatorida quyidagilarni keltirishiiz mumkin:
- Korxonalarda Kadrlar bo‘limi va Buxgalteriya bo‘limlarining aynan soliqlarni hisoblashda o‘zaro hamkorlikda ishlashining yo‘lga qo‘yilmasligi. Misol uchun, ishga yangi xodim qabul qilganda oldingi ish joyidan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning Kadrlar bo‘limi tomonidan talab etilmasligi va shu munosobat bilan Buxgalteriya bo‘limi tomonidan jismoniy shaxslardan daromad solig‘ining noto‘g‘ri hisoblanishiga olib kelinishi aksariyat tadbirkorlarning jarimaga tortilishiga sabab bo‘lmoqda.
Tavsiya: Tadbirkor korxona faoliyatini shakllantirayotganda birinchi navbatda bo‘limlarning bir-biri bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritishiga alohida e’tibor qaratishi maqsadga muvofiq.
- Soliq solinadigan bazaning noto‘g‘ri shakllantirilishi oqibatida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning noto‘g‘ri hisoblanishi.
Tavsiya: Soliq solinadigan bazaga tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilish (sotish)dan tushgan tushumlarning aniq va to‘g‘ri kiritilishiga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Bu jarayon ko‘pgina tadbirkorlik sub’ektlari va hisobchilarning asosiy xatolaridan biri hisoblanadi.
- tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oborotidan 20 foiz stavkada qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘lanmasligi. Bu holat tadbirkor uchun soliqni qo‘shimcha hisoblashga olib keladi.
Eslatma: Qo‘shilgan qiymat solig‘i barcha tovar va xizmatlar uchun emas, balki Soliq kodeksining 208-210 moddalarida belgilab qo‘yilgan yo‘nalishlarga tadbiq etilmaydi.
- tadbirkorlik sub’ektlari foydalanilayotgan bino-inshoat sotilganidan yoki hokimiyat tomonidan bino-inshoat yoki er olib qo‘yilganidan so‘ng hujjatlar rasmiylashtirulgunga qadar ma’lum vaqt bino-inshoat yoki er tadbirkor balansida foydalanilmasdan ushlab turilishi, tadbirkor o‘z vaqtida soliq idoralarini vaqtida ogohlantirib, soliq solinadigan bazadan chiqarilishini tashkillashtirmaslik.
Tavsiya: Tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritib kelayotgan bino-inshoat yoki er uchastkasi sotib yuborilganda yoxud mahalliy hokimiyat organlari tomonidan olib qo‘yilganda tadbirokorlik sub’ektlari davlat soliq xizmati organiga mol-mulk va er solig‘ining aniqlashtirilgan hisob-kitobini taqdim etishlari shart.
- Amortizatsiya jarayoni haqida ma’lumotga ega emaslik. Amortizatsiya –mulkning eskirib borishi natijasida mulk bahosining bosqichma-bosqich pasayishi.
Tavsiya: Siz amortizatsiyani to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblab borsangiz, mulkka belgilab borilgan soliq miqdorini qisqartirib borishingiz mumkin. Amortizatsiya har yilning boshida, yanvarь oyida amalga oshiriladi. Amortizatsiyani hisoblash jadvalini fms.uz sayti orqali topishingizmumkin
Izoh so‘zlar:
A - jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
Б - yagona ijtimoiy to‘lov
В - sug‘urta badali
Г - qo‘shilgan qiymat solig‘i
Д - yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i
Е - obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i
Ё - Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar/byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar / byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar
Ж - mol-mulk solig‘i
З - yer solig‘i
Diagrammadan ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlik sub’ektlarining 85 foizi faoliyatda yagona ijtimoiy to‘lov hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i noto‘g‘ri hisoblangan.
Shuningdek, sug‘urta badalini hisoblashda 78 foiz tadbirkorlarda hato-kamchiliklar qayd etilgan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash borasida ham 29 foiz tadbirkor hato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i hatoga yo‘l qo‘yilganligi bois 28 foiz tadbirkor jarimaga tortilgan. Bunga sabab xizmat ko‘rsatishdan kelib tushgan pul tushumidan xizmat tannarhini chegirib tashlagandan so‘ng qolgan summadan 7,5 foiz foyda solig‘i to‘lanmagan.
Shuningdek obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, ya’ni xizmat ko‘rsatishdan tushgan pul tushimidan xizmatning tannarhi va foyda solig‘i olib tashlangandan so‘ng 8 foiz to‘lanadigan soliq to‘lanmaganlik holati ham 22 foiz tadbirkorda qayd etilgan.
O‘rganilgan tadbirkorlarning 21 foizi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar, byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar noto‘g‘ri hisoblagan.
7 foiz tadbirkor yer solig‘ini, 14 foiz tadbirkor esa mol-mulk solig‘ini to‘lamaganlikda ayblanib, belgilangan tartibda jarimaga tortilishiga sabab bo‘lgan.
Shu kabi qonunbuzilish holatlarini oldini olish, shu bilan birga Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanishiga erishish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlariga yuqoridagilarga qo‘shimcha tarzda quyidagilarni korxona faoliyatida tadbiq etilishiga tavsiya etamiz:
- Siz soliq hisobotining to‘g‘ri taqdim etilishi uchun javobgarsiz. Buning uchun, yil yakuni yoki soliq organi xodimlarining korxonangiz faoliyatini tekshirishga kelishlarini kutib turmang. Buning uchun soliq maslahatchilari tashkilotlarini yoki auditorlik kompaniyalarini jalb etib, korxonangizda soliq hisob-kitoblari va ularning hisoblanishidagi kamchiliklarni aniqlab boring.
- Qonunda soliqlar hato hisoblanganda ularni qayta to‘lab berish imkoniyati belgilab qo‘yilgan, ushbu holatda Siz jarima to‘lashdan (soliqlar kechiktirib to‘langani uchun penyadan tashqari) ozod etilasiz. Shuning uchun o‘z hisob-kitoblaringiz to‘g‘riligiga aniqlik kiritishuchun qo‘shimcha harajat qilishdan qochmang,bu kelgusida Sizga nisbatan turli ta’sir choralar qo‘llanilishi va jarimalarga tortilishining oldini oladi.
- Maslahat olish uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Ijroiya qo‘mitasi va Palataning joylardagi hududiy tuzilmalariga murojaat qiling,biz Sizning faoliyatingizni to‘g‘ri yo‘naltirishga, muammolaringiz echimiga ko‘mak beramiz.
- Soliq kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobi milliy standartlarini puxta o‘zlashtirish va bilimi saviyalarin muntazam ravishda oshirib borish.
- Soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan imtiyozga ega bo‘lgan xo‘jalik yuritiuvchi sub’ektlar tomonilan berilgan imtiyozlarning qonuniy qo‘llanilishi va imtiyoz natijasida bo‘shagan mablag‘larning maqsadil ishlatishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish
- Soliq maslahatchilari va auditorlik tashkilotlari xizmatlaridan kengroq foydalanish.
- Davlat soliq xizmati organlari tomonidan tashkil qilinadigan seminarlar, davra suhbatlarida ishtirok etish, soliq sohasiga oid maqolalar, savol-javoblar hamda qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar bilan muntazam ravishda tanishib borish.
- Soliq sohasiga oid muammolar yoxud tushunmovchiliklar vujudga kelganda davlat soliq xizmati organlarini yoki Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Respublika axborot maslahat markazi hamda uning hududiy bo‘limlariga murojaat qilish
Dilfuza SAMANDAROVA,
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi
“Business Monitoring Group” unitar korxonasi
Tekshirishlar yuzasidan monitoring yuritish va yuridik xizmat ko‘rsatish bo‘limi
yetakchi mutaxassisi
09.09.2016
10:06