O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B formatida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
2022-yilning 10-may kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasida B2B formatida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining 70 dan ortiq va Eron ishbilarmon doiralarining 40 ga yaqin vakillari ishtirok etdi. Qolaversa, O‘zbekiston tomonidan qator sanoat birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Eron Islom Respublikasi delegasiyasi tarkibida yetakchi korxonalar tadbirkorlari bo‘lib, O‘zbekiston korxonalari bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilishga asosiy e'tibor qaratilganini aloxida ta'kidlash zarur.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda ikki mamlakat iqtisodiyotlari o‘zaro manfaatli tarzda bir-birini to‘ldirib turgani va bu bilan to‘qimachilik, kimyo, farmasevtika, elektrotexnika, biotibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi ta'kidlandi.
Tomonlar Eron va O‘zbekiston tadbirkorlari va investorlarini amaliy hamkorlikka jalb etish, ya'ni istiqbolli tarmoqlarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik hajmini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ikki davlat o‘zaro hamkorlikni faollashtirish tarafdori ekanini ta'kidladilar.
Tadbirda Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotida xususiy sektorning ro'lini oshirishga katta e'tibor qaratilayotgani, shu munosabat bilan investisiyalarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar faol ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgani bir necha bor ta'kidlandi. Shuningdek ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sube'ktlariga soliq yukini kamaytirish, xususiy mulk va xorijiy kapitalni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, shuningdek, mamlakatimizning har bir viloyatining tuman va shaharlari kontekstida yangi foydalanilmagan iqtisodiy zaxiralarni aniqlash, ularning daromadliligini ta'minlash masalalari ham qayd etildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga maqsadli yo‘nalishda ishlab chiqilgan istiqbolli loyiha takliflari manfaatdor Eron investorlari va tadbirkorlari bilan yanada chuquroq o‘rganish maqsadida taqdim etildi. Mazkur sohalar tarkibiga oziq-ovqat, neft-gaz, farmasevtika, ta'lim, muhandislik, ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlar kiritildi.
Ta'kidlash joizki, amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan sarmoyaviy muhit va kichik biznes uchun yaratilgan imkoniyatlar O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat yaratmoqda.
Tadbir davomida tadbirkorlar hamkorlarga o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etib, eksport salohiyati va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
11.05.2022
09:05