Toshkentda “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” boshlandi
17 avgust kuni "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasining "Ballroom" zalida "Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi" doirasida I-panel munozarasi bo'lib o'tdi.
Tadbirning shijoatkor muhiti iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo va investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish maqsadida mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlarini, biznes va xalqaro moliya tashkilotlarining vakillarini muloqot qilishga chorlab turdi.
Ma'lumki, 2021 yildan boshlab 20 avgust mamlakatda “Tadbirkorlar kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Biznes bilan uchrashuvlar an'anaviy tarzda o'tkazilmoqda. Har yili ochiq muloqot shaklida eng dolzarb muammolar muhokama qilinadi, tadbirkorlik sohasidagi islohotlarning yangi yo'nalishlari va noan'anaviy g'oyalari ilgari suriladi.
S'oz pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq ma'murchiligini takomillashtirish, bank-moliya tizimini transformatsiyalash, investorlar uchun qo'shimcha imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, Yangi O'zbekistonning rivojlanish strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar majmuini amalga oshirish haqida bormoqda.
Panel munozarasi davomida vazirlik va idoralar rahbarlari biznesni boshlashda startaplar va innovatsion g'oyalarni ro'yobga chiqarisda amaliy yordam ko'rsatish, subsidiyalar berish orqali tadbirkorlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo'yicha choralar ko'rish va boshqa shu kabi yo'nalishlarda olib borilayotgan ishlar haqida so'zlab berishdi.
O'z navbatida, biznes vakillari xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, elektron savdo maydonchalarini va umuman IT-tarmog'ini rivojlantirish uchun mamlakatda yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr almashdilar.
Shuningdek, shu kuni xususiylashtirish, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, soliq tizimini yana-da isloh qilish, O‘zbekistonning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi va boshqa masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan panel munozaralari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, muloqotning birinchi kunida maʼruzachilar davlat xaridlari sohasidagi tendensiyalar, mamlakat qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishi, tadbirkorlik sohasida raqamlashtirish jarayoni surʼatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Muloqot vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar va ishbilarmon doiralar vakillarini bugungi kunda tadbirkorlarni qiziqtirgan eng dolzarb masalalar atrofida birlashtirdi.
Shunday qilib, panel munozaralari tadbirkorlarning muammolari va ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi. Bundan tashqari, "Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi"ning birinchi kunida ishbilarmonlarning fikrlari, takliflari va tashabbuslari ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Tahlil natijasida O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning yangi samarali mexanizmlari ishlab chiqiladi.
18.08.2022
16:46