O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari mustahkamlanmoqda
2022 yil 26 sentabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamda Malayziya Milliy Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida videomuloqot shaklida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J.Mamajanov hamda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi Savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi F.Ergashev, Malayziya tomonidan Milliy Savdo-sanoat palatasi prezidenti So Tyan Lai va ushbu palata tarkibiga kiruvchi 5 ta Palata rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu onlayn uchrashuv davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsion sohada hamda ishbilarmonlar o‘rtasida keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Malayziya bilan elektrotexnika, farmatsevtika, AKT, turizm yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ushbu xorijiy davlatda talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat, tekstil va yuqori qiymatli mahsulotlarni eksport qilish taklif etildi.
Malayziya tomoniga bu borada O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘rni, investitsiyaviy salohiyati xorijiy kompaniyalarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida qo‘shma tadbirlar tashkil etish, biznes delegatsiyalar tashrifini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Tadbir yakunida kelishuvlarning huquqiy asosini yaratish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Malayziya Milliy Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Mazkur memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlar rivojining navbatdagi bosqichi sifatida ko‘p qirrali hamkorlikka hissa qo‘shishi taʼkidlandi.
SSP matbuot xizmati
26.09.2022
14:39