Savdo-sanoat palatasi Singapur ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasi bilan hamkorlik oʼrnatdi
Mahalliy startap loyihalarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Singapur ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasi bilan biznes-inkubatorlarni yaratish va rivojlantirishda Singapur tajribasini oʼrganish boʼyicha shartnoma imzolandi.
Osiyo raqamli samaradorlik indeksida Singapur raqamli infratuzilma, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga investitsiyalar va AKT qonunlari boʼyicha Osiyoda 1-oʼrinni egalladi. Uning startap ekotizimlari esa dunyoda yetakchi oʼrinni va Jahon bankining biznes yuritishning qulayligi 2020 global reytingida 2-oʼrinni egalladi.
Singapurda biznes ochish uchun atigi 2 ta bosqichdan oʼtish kerak va ular qisqa muddatda roʼyxatdan oʼtish toʼlovi jihatidan arzon va minimal kapital toʼlangan holda yakunlanishi mumkin. Shuningdek, Singapur Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatbardoshlik indeksida dunyoning kuchli uch davlati qatoridan joy olgan.
Shu sababli, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi Singapur ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasi bilan biznes-inkubatorlarni tashkil qilish va rivojlantirishda Singapur tajribasini oʼrganish boʼyicha ham shartnoma imzolandi.
Singapur ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasi hozirda 10 ta sanoat guruhiga boʼlingan va har bir sanoatning oʼziga xos ehtiyojlari va manfaatlarini qondirish uchun tegishli xizmatlar tomonidan qoʼllab-quvvatlanadigan 5 000 ga yaqin aʼzolarga ega.
Federatsiya huzurida trening markazi mavjud, shuningdek oʼz faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarga barcha biznes yuritishga yordam koʼrsatadigan yetakchi biznes-inkubatorlar tarmogʼini boshqaradi.
Mazkur kelishuv doirasida mamlakatimizda tashkil etilgan biznes-inkubatorlar rahbarlari va mutaxassislaridan iborat delegatsiyalarni Singapur tajribasini oʼrganish va uni Oʼzbekiston sharoitida joriy qilish maqsadida Singapurga yuborish masalalari ham rejalashtirilgan.
SSP matbuot xizmati
19.01.2023
11:01