Palataning 2022 yilda qonun ijodkorligi borasidagi faoliyati
Palata normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash uchun ular yuzasidan xulosalar beruvchi vakolatli organdir.
Bu borada tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda va tadbirkorlar manfaati hamda biznes muhitga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan qoidalarning qabul qilinishiga qarshilik bildirilmoqda.
2022 yil yakunlari sarhisobiga ko‘ra, Palata tomonidan:
- jami 918 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ko‘rib chiqildi.
- 565 ta loyihalar bo‘yicha salbiy xulosalar berildi.
Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi bo‘yicha Palatada 2022 yil 26 noyabrda tadbirkorlik subʼektlari ishtirokida Ekspertlar kengashi yig‘ilishi tashkil etildi va loyiha keng muhokama qilindi.
Muhokamada tadbirkorlar va Palata tomonidan 25 ta takliflar bildirilgan bo‘lib, ularning aksariyati qo‘llab-quvvatlandi.
Palata tomonidan ilgari surilgan takliflarning 15 dan ortig‘i Qonun qabul qilinishida to‘liq inobatga olindi va Qonun loyihasi yanada mukammallashtirildi.
Yoki, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi (hozirgi Madaniyat va turizm vazirligi) tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibini takomillashtirishga oid ayrim chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori (ID-73996) loyihasi yuzasidan loyihadagi “chiqish turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish maqsadida olinadigan turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlarini og‘irlashtirishtirish nazarda tutilganligi, taklif etilayotgan yangi tartib orqali mazmunan “chiqish turizmi” yo‘nalishida kichik litsenziya turi joriy qilinganligi, shuningdek “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish xizmatlarini taqdim qilayotgan tadbirkorlik subʼektlari uchun alohida litsenziya talablari belgilanganligi, biroq, bunday yangi talabni joriy etish mutlaqo maqsadga muvofiq emasligi, chunki amaldagi Turizm faoliyatini litsenziyalash pasportida “chiqish turizmi” (shu jumladan, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish) yo‘nalishi bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari belgilanganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6044-sonli Farmoni 5-bandi va PQ-364-sonli Qarori
1-ilovasi 20-bandi talablaridan kelib chiqib, loyihani qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi salbiy Xulosa taqdim etilgan.
Eng muhimi – Palataning bu boradagi faoliyatida tadbirkorlarimiz bevosita ishtirok etishmoqda.
Shu maqsadda Palatada 8 ta ekspert kengashlari tashkil etilib, ulardagi aʼzolarning 40 foizini tadbirkorlar tashkil etadi.
Ekspertlar kengashlari yig‘ilishida normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari hamda tadbirkorlar ko‘taradigan masalalar muhokama etilmoqda.
Bu boradagi faoliyatimiz davom etmoqda.
SSP matbuot xizmati
24.01.2023
11:56