Fransiya bilan o‘zaro munosabatlar mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 25 yanvar kuni “Groupe Casino” kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-Sanoat palatasi, “Uzcharmsanoat”, “Uzeltexsanoat”, “Uztekstilprom” uyushmalari va “Groupe Casino” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tayyor to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga (xususan, Fransiyaga) eksport qilish istiqbollari, shu jumladan “Groupe Casino” savdo tarmog‘i brendi uchun milliy mahsulotlar asosida tovarlarni eksport qilish imkoniyatlari muhokama etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning eksport salohiyati va tekstil, charm-poyabzal va elektrotexnika sanoatida turli xil tovarlarni jahonga eksport qilish imkoniyatlari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.
Fransuz kompaniyasi O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda “Groupe Casino” kompaniyasining turli brendlari ostida jahon bozoriga O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Maʼlumot uchun: “Groupe Casino” fransuz chakana savdo kompaniyasiga 1898 yil 2 avgustda asos solingan. “Groupe Casino” kompaniyasi o‘z brendi asosida mahsulotlarni savdo tarmoqlarida sotishni yo‘lga qo‘ygan ilk kompaniyalardan sanaladi.
Dunyoda ushbu kompaniyaning brendi ostida 11,5 mingtadan ziyod supermarket va gipermarketlari tarmog‘i faoliyat yuritadi. “Groupe Casino” kompaniyasi franshiza tizimi asosida dunyoning ko‘plab davlatlarida savdo tarmog‘ini yo‘lga qo‘ygan. “Groupe Casino” kompaniyasi “Géant Casino”, “Casino Supermarchés”, “Monoprix”, “Franprix”, “Leader Price”, “Cdiscount”, “Vival”, “Spar”, “Sherpa”, “Le Petit Casino” kabi brendlarga egalik qiladi.
SSP matbuot xizmati
25.01.2023
17:51