Qirg‘iziston-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi
Joriy yilning 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga tashrifi doirasida Bishkek shahrida Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Biznes-forum doirasida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari boshchiligida ushbu davlatlar vazirliklari, idoralari va yetakchi sanoat birlashmalari va kompaniyalari ishtirokida Qirg‘iziston-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Qirg‘iziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi prezidenti T.Sariyev va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari J.O‘rakov kirish so‘zi bilan ochdi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston ishbilarmonlar kengashi raisining o‘rinbosarlari sifatida O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston tadbirkorlik va sanoat kengashi (UZBIC) raisi Abduqayumov Anvar G‘ayratovich, Qirg‘iziston tomonidan esa Qirg‘izistonning "Agrosooda" (USAID) loyihasi rahbari Qidirbayev Uluk Asankariyevich tayinlandi.
Tadbirda chorvachilik, logistika, yengil sanoat va farmatsevtika sohalaridagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirishda muhim o‘rin tutadigan masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari J.O‘rakov so‘zga chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol hamkorlik tufayli Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari investitsiya va savdo-iqtisodiy sohalarda qo‘shma hamkorlikni jadal oshirayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv chogʻida mehmonlar Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, ushbu mamlakatlarda biznes yuritish uchun yaratilgan barcha sharoitlar haqidagi taqdimot materiallari bilan tanishtirildi.
Tomonlar barcha yo‘nalishlarda chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikka alohida e’tibor qaratishga kelishib oldilar. Savdo-sanoat palatalari tomonidan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda yirik shartnomalar imzolash va qo‘shma biznes g‘oyalarni amalga oshirish uchun o‘ziga xos platformaga aylanadigan o‘zaro biznes missiyalar, korxonalarga tashriflar, biznes-forumlar va B2B muzokaralarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha yettita memorandum imzolandi:
- Qirgʻiziston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi “Oʻsh viloyati hududiy boʻlimi” muassasasi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida;
- Qirg'iziston zargarlar va tadbirkorlar uyushmasi va O'zbekiston "O'zbekzargarsanoati" uyushmasi o'rtasidagi hamkorlik to'g'risida;
- JIA biznes assotsiatsiyasi va O'zbekiston eksportchilar assotsiatsiyasi o'rtasidagi o'zaro anglashuv to'g'risida;
- Qirg'iziston farmatsevtika ittifoqi va O'zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi o'rtasidagi hamkorlik to'g'risida;
- Qirgʻiziston Respublikasining “Ekoeksport” MChJ va Oʻzbekiston yaylov xoʻjaliklarini rivojlantirish uyushmasi oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida;
- Qirg'iziston turoperatorlari assotsiatsiyasi va O'zbekiston turizm investorlari assotsiatsiyasi o'rtasidagi hamkorlik to'g'risida;
- Besalt wool va “Fast Group” MChJ o'rtasidagi 20 mln AQSH dollari miqdorida hamkorlik to’g’risida.
SSP matbuot xizmati
27.01.2023
14:41