Poytaxtimizda “O‘zbekiston – Sloveniya” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
8-fevral kuni Toshkentda “O‘zbekiston – Sloveniya” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjaev, Sloveniya delegatsiyasiga esa Sloveniya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon boshchilik qildi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov ham ishtirok etdi.
Delegatsiyalar rahbarlari o‘z qutlov so‘zlarida ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, o‘zaro savdo munosabatlari faollashayotgani, bu borada ishbilarmon doiralarning faol hamkorligi muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar.
Islom Jasimov o‘z nutqida O‘zbekiston-Sloveniya munosabatlari savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida izchil rivojlanib borayotganini aytib o‘tdi. Shu bilan birga, tadbirda energetika, ogʻir sanoat, yengil sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, logistika va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq Oʻzbekistonning ilgʻor kompaniyalari ishtirok etayotganini va o‘z navbatida, O‘zbekiston ishbilarmon doiralari, Sloveniya bilan hamkorlik qilishga ham alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
O‘tgan yil davomida hajmi qariyb 40 foizga oshgan tashqi savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi alohida ta’kidlandi. Bu ko’p jihatdan O‘zbekistonning “GSP+” preferensiyalar tizimining benefitsiari maqomini olishi tufayli mumkin bo‘ldi. Tashqi savdodagi ko‘rsatkichlarni oshirish uchun tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun zarur qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratib berish masalalari bo‘yicha kelishib oldilar. Erishilgan kelishuvlar biznes-forum davomida imzolangan O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimda o‘z aksini topdi.
Bundan tashqari, taqdimot va ishbilarmon doiralari vakillari ortasida kechgan muloqotlarda avtomobilsozlik, butlovchi qismlar, metall buyumlar, gidravlik turbinalar, nasoslar, farmatsevtika mahsulotlari birgalikda ishlab chiqarishda sheriklik munosabatlarini o‘rnatish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Chorvachilik, bog‘dorchilik va urug‘chilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun agrosanoat kompleksini yaratish, shuningdek, Sloveniyaning Mercator Group yirik savdo tarmog‘i filialining O‘zbekistonda faoliyatini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdilar.
Forum “B2B” va “G2B” muzokaralari sessiyasi bilan davom etdi, unda tomonlar yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi darajaga chiqarish va rivojlantirishga qaratilgan mustahkam savdo aloqalarini o‘rnatish yuzasidan fikr va takliflar almashdilar.
09.02.2023
09:52