O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi
Joriy yilning 24 fevral kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari va O‘zbekiston tomoni ishbilarmonlar kengashi hamraisi To‘ra Bobolov, Ozarbayjon Respublikasi Tadbirkorlar (ish beruvchilar) tashkilotlari milliy konfederatsiyasi prezidenti va ishbilarmonlar kengashi Ozarbayjon tomoni hamraisi Vugar Zeynalov, turli vazirlik va idoralar, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Shular qatorida, O‘zbekiston tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi, Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, shuningdek, O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi Xalqaro bank va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish departamenti vakillari ishtirok etdi.
Ozarbayjon tomonidan Sog‘lomlashtirish va termal turizmni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi, Eksport va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi hamda Ozarbayjon Xalqaro banki vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston-Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘ldi.
To‘ra Bobolov o‘z nutqi davomida so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib, o‘zaro savdo hamda qo‘shma biznes loyihalar soni jadal surʼatlar bilan o‘sib borayotganini taʼkidlab o‘tdi.
Aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston va Ozarbayjon uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2022 yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida 243 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 86 tasi qo‘shma va 157 tasi yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ularning aksariyat qismi mashinasozlik va metallni qayta ishlash, energetika, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmog‘i, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va taʼmirlash, moliya va sug‘urta, ko‘chmas mulk operatsiyalari, xizmat ko‘rsatish, savdo yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar O‘zbekistonning investitsiya salohiyatiga oid taqdimot materiallari hamda mamlakatimizda biznes yuritish uchun barcha shart-sharoitlar bilan tanishib, turli sohalardagi sarmoyaviy hamkorlik va infratuzilma loyihalarini atroflicha muhokama qildilar.
Tadbir yakunida O‘zbekiston-Ozarbayjon xususiy sektor vakillari ikki mamlakatda qo‘shma loyihalarni yanada rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shish istaklarini bildirdilar.
SSP matbuot xizmati
24.02.2023
15:59