O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar soni 2,1 marotaba oshgan
2017-2022 yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritgan korxona va tashkilotlar demografiyasi tahlil qilindi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu tadbirkorlik subʼektlari sonini oshirish orqali aholi bandligini taʼminlash va turmush farovonligini yaxshilashdir.
Statistika agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatimizdagi jami korxona va tashkilotlar soni (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) 592,4 mingtani tashkil etgan. Bu 2017 yildagiga nisbatan 2,1 marotaba ko‘p demakdir.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2022 yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritgan korxona va tashkilotlar demografiyasi bo‘yicha o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, tadbirkorlik subʼektlari sonining eng ko‘p o‘sishi Navoiy (2,7 marotaba), Samarqand (2,6 marotaba), Qashqadaryo (2,3 marotaba), Surxondaryo (2,3 marotaba), Buxoro va Jizzax viloyatlari (2,2 marotaba) da kuzatilgan.
Iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha tahlil savdo-sotiq (2,9 marotaba), qishloq xo‘jaligi (2,6 marotaba), yashash va ovqatlanish (2,1 marotaba) hamda sanoat (2 marotaba) kabi tarmoqlarda korxonalar soni jadallik bilan o‘sganligini ko‘rsatdi.
Sanoatning iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashdagi o‘rnini eʼtiborga olgan holda, korxonalar sonining ikki marotaba ortishi va ulushi deyarli 17 foizga yetganligini ijobiy holat sifatida taʼkidlash lozim.
Shuningdek, axborot texnologiyalari (1,9 marotaba) va tibbiy xizmatlar (2 marotaba) sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalar sonining o‘sishi iqtisodiyotda ro‘y berayotgan ijobiy tarkibiy o‘zgarishlardan dalolat beradi.
10.03.2023
09:35