Oʻzbekiston-Eron oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Eron Islom Respublikasiga tashrifi davomida Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov va Eron savdo, sanoat va qishloq xoʼjaligi palatasi Prezidenti G'ulomhusayn Shofeiy oʼrtasida ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuv doirasida Oʼzbekiston va Eron vakillari tomonidan savdo-iqtisodiy va logistika masalalari muhokama qilindi, shuningdek Eron tadbirkorlarining Oʼrta Osiyo bozoriga katta qiziqishi bildirilib, ishlab chiqarilish zanjirini yoʼlga qoʼyish taklifi ilgari surildi.
Muzokaralar davomida Oʼzbekiston-Eron savdo palatasini tashkil etish hamda Toshkent halqaro arbitraj markazi bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyish masalalari koʼrib chiqildi.
Shuningdek, framatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xoʼjaligi, poliestr va shisha tolasi, hamda maishiy kimyo sohasidagi Eron tadbirkorlarini Oʼzbekistonga tashrifini tashkil etish, hamda ikki mamlakat tadbirkorlari oʼrtasida Biznes-forum va B2B uchrashuvlar oʼtkazish boʼyicha kelishuvlarga erishildi.
Ma'lumot uchun: 2022-yilning 21-martidan 2023-yilning 20-yanvarigacha Erondan 143 davlatga 45,3 milliard dollarlik 102,9 million tonna mahsulot eksport qilindi.
Eksportning qariyb 50 foizi neft-kimyo mahsulotlari, 20 foizi tog‘-kon sanoati mahsulotlari, 18 foizi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, 10 foizga yaqini sanoat va hunarmandchilik mahsulotlariga to‘g‘ri keladi.
Eron importining asosiy tovarlari mashina va uskunalar, jumladan transport, meva va sabzavot mahsulotlari, gazlama, trikotaj mato, kimyo mahsulotlari va metallardir.
SSP matbuot xizmati
14.03.2023
17:27