O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirishga bag‘ishlangan biznes muloqot
Joriy yilning 4 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga qaratilgan ishbilarmon doiralari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Xitoyning Ninbo shahrining Syanshan tumani maʼmuriyati delegatsiyasi va Syanshan tumanidagi turli sohalardagi 10 ta Xitoy kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan Xitoyning Syanshan tumani korxonalari bilan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor 80 dan ortiq tadbirkorlik subʼekti qatnashdi.
Tadbir davomida Xitoy tomoni Syanshan tumanining iqtisodiy salohiyati hamda O‘zbekiston korxonalari bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika, plastik va kimyo sanoati korxonalari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazdi.
Taʼkidlash joizki, Syanshan Xitoyning eng ilg‘or 100 tumanidan biri hisoblanadi. Tumanda mahsulotlarning keng assortimenti hamda qayta ishlash va ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lgan ko‘plab kuchli korxonalari mavjud.
So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekistonning yetakchi tashqi savdo sherigi bo‘lib kelmoqda. 2022-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravar ko‘payib, 8,9 milliard dollardan oshdi.
Tadbir o‘zaro tovar ayirboshlashni faollashtirish, O‘zbekistondan Xitoyga mahsulot eksporti hajmini oshirish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Ushbu tadbirda ishtirokchilar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xitoy kompaniyalari faoliyati bilan to‘liq tanishish, shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida "B2B" formatida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, bu esa o‘z navbatida kichik va xususiy tadbirkorlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kelgusida o‘zaro manfaatli savdo bitimlari va shartnomalarini tuzish uchun qo‘shimcha omil bo‘lib xizmat qiladi.
SSP matbuot xizmati
04.04.2023
17:55