Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 19 aprel kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahabov va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ijrochi direktori Zafar Mahmudov o'rtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Z.Mahmudov Savdo-sanoat palatasi rahbariyatiga 2020-yil 28-aprel kuni Savdo-sanoat palatasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq “Qishloq-oziq-ovqat sanoatida resurs samaradorligi” loyihasi amalga oshirilishi to'g'risida maʼlumot berdi.
Ushbu loyihaning maqsadi qishloq xoʻjaligi korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida resurslardan samarali foydalanish usullarini qoʻllash orqali mahsulot tannarxini pasaytirishda yordam berishdan iborat.
Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha tadbirlar amalga oshiriladi:
- kichik korxonalarga (Toshkent, Fargʻona va Buxoro viloyatlarida) resurs samaradorligini oshirishda amaliy yordam koʻrsatish;
- resurslardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha mahalliy maslahatchilarni tayyorlash;
- barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish konsepsiyasiga asoslangan yangi moliyalashtirish vositalarini joriy etishda mahalliy moliya institutlariga koʻmaklashish;
- uzoq muddatli ishlab chiqarish jarayonlarining atrof-muhitga taʼsiri nuqtai nazaridan mahalliy tashkilotlarning institutsional rivojlanishi va boshqalar.
Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahabov taqdim etilgan maʼlumotlar uchun Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi rahbariga minnatdorlik bildirib, ushbu loyiha doirasidagi maqsadlarga erishish va vazifalarni amalga oshirishda kelgusida samarali hamkorlik davom etishiga umid bildirdi.
SSP matbuot xizmati
21.04.2023
13:13