RASMIY MUNOSABAT
Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida, xususan, “Effect.uz” saytining feysbukdagi sahifasida Turkiya Respublikasi fuqarosi Akchakara Shafakning Ohangaron tumanida tashkil qilinishi belgilangan to‘qimachilik majmuasini ishga tushirish borasidagi loyihaning amalga oshirilishidagi muammolar, jumladan loyiha bo‘yicha O‘zbekiston tomonidagi mas’ullarga nisbatan e’tirozlari aks ettirilgan videomurojaati tarqaldi.
“Effect.uz” sayti o‘quvchilari hamda ushbu vaziyat bilan tanishgan fuqarolarga shuni ma’lum qilamizki, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali aholining, xususan, xotin-qizlar, yoshlar va kam ta’minlangan fuqarolar bandligini ta’minlash, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish, maqsadida 2020 yil 7 dekabrda “2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4916-son qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Akhangaran Textile” MCHJ tomonidan o‘sha paytda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan D.Vaxobovning amaliy yordamida 2021 yil 16 avgustdagi 0686823 Lot raqami bilan (“To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketing agentligi” MCHJ ulushi 50 foiz va Turkiya Respublikasi fuqarosi Akchakara Shafak ulushi 50 foiz) “e- auksion” orqali 1 mlrd. so‘m investitsiya kiritish va 400 ishchi o‘rin yaratish sharti bilan atiga 6 mln. so‘mga 0,9 ga teng yer maydoni sotib olingan.
Ya’ni, hozirda 0,9 ga yer maydoni “Akhangaran Textile” MCHJ balansida kirim qilingan bo‘lib, korxona tomonidan investitsion loyiha bajarilishi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli to‘xtab qolgan.
“Akhangaran Textile” MCHJga qarashli hududda loyiha doirasida faqatgina kotlovan qazish va qisman beton asos quyish ishlari olib borilgan xolos.
Mazkur majmuani qurilishi va texnologik dastgohlar sotib olinishi uchun “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining kafilligi asosida, jami 3,8 mln. AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘lari ajratilishi maqsadida tijorat bankiga hujjatlar kiritildi.
Amaldagi tartib bo‘yicha tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit uchun 1,25 barobarida, ya’ni ushbu loyihaga kredit ajratish uchun 4,75 mln. AQSH dollari ta’minot talab qilinadi.
Mavjud vaziyatni inobatga olib, tijorat banki ushbu loyiha tumandagi aholini ish bilan ta’minlash, ularga munosib sharoit yaratib berish borasida amalga oshirilayotganligini inobatga olib hamda loyihani moliyalashtirishda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 3,75 mln. AQSH dollari kafilligi mavjud ekanligi sababli, 1 mln. AQSH dollariga (ya’ni garov talabining 20 foiziga teng) likvidli mulkni garovga qo‘yilishi hisobiga 3,8 mln. AQSH dollar kreditni ajratishga rozi bo‘lgan.
Mazkur loyiha shu tariqa ishga tushirilganda, obyekt qurib bitkazilgach, investorning mulki sifatida rasmiylashtirilishi kelishilgan.
Biroq, investorning 1 mln. AQSH dollariga teng likvidli mulkiy garov ta’minoti mavjud emasligi sababli, bank tomonidan kredit mablag‘lari ajratish imkoniyati bo‘lmagan.
Ushbu jarayonda tijorat banki, loyihaning ishlab ketishi uchun o‘zining barcha imkoniyatlarini ishga solishga tayyor ekanligi ta’kidlangan, ammo investor tomonidan garov ta’minoti ta’minlab berilmaganligi jarayonni shu darajaga olib kelgan.
“Akhangaran Textile” MCHJga tegishli yer maydonida xorijiy investor tomonidan loyihani amalga oshirish ishlari davom ettirilmaganligi shuningdek, “To‘qimachilik mahsulotlari marketingi va reklamasi agentligi” MCHJ (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi 100 foiz)da ham loyihani moliyalashtirish manbai mavjud emasligi sababli, hozirda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan loyihaga kamida 500 ishchi o‘rin yaratadigan boshqa investor jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, mazkur loyihaning bu tariqa to’xtab qolishiga O‘zbekiston Respublikasi ma’sullari, shu jumladan hozirda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov tomonidan barcha choralar ko‘rilganiligini hamda loyihaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish yo‘li bilan amalga oshirilishi kerakligini inobatga olib, Turkiya Respublikasi fuqarosi Akchakara Shafakning O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabovga nisbatan bildirgan e’tirozlari noo‘rin deb hisoblaymiz.
07.06.2023
20:04