"Sizning himoyangizda adolatli qonunlar va Prezident turibdi"
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʼzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvida respublikaning barcha viloyatlaridan tadbirkorlar ham qatnashdi.
Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda mamlakatimizda haqiqiy tadbirkorlar sinfi shakllanib, jamiyatimizda katta kuchga, islohotlar drayveriga aylanganligini ta'kidlab o'tdi.
Yangi loyihalarni amalga oshirish orqali, kichik va oʼrta biznesni yiriklashtirish boʼyicha alohida ragʼbatlantirish tizimini joriy qilinishi, hamda oxirgi olti yilda tovar aylanmasi 100 milliard soʼmdan yuqori korxonalar soni 7 baravarga koʼpayib, 1 ming 400 dan oshgani qayd etildi.
Oʼrta va yirik korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar tashqi bozorlarda sifatli va “ekologik toza” maqomga ega boʼlishi uchun, kelgusi yildan “yashil sertifikat”lar tizimini yoʼlga qoʼyilishi ko'zda tutilgan.
Shuningdek, bugun tadbirkorlik sohasida yaratib beriladigan bir qator qoʼshimcha imkoniyatlar toʼgʼrisida toʼxtalib oʼtildi.
"Tadbirkor qancha boy boʼlsa, xalqimiz ham shuncha boy, davlatimiz qudratli boʼladi" - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Barchada ko'tarinki taassurot qoldirgan, tadbirkor va ishbilarmonlarga yangi kuch-g‘ayrat ato etgan ushbu muloqot mamlakatimizda tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim o‘rin tutishiga aminmiz.
SSP matbuot xizmati
19.06.2023
10:29