«20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis» dasturining asosiy shartlari
Vazirlar Mahkamasining 07.07.2023 yildagi «20 ming tadbirkor-500 ming malakali mutaxassis» dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 279-son qarori qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: mazkur dastur doirasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar hokimlik va vazirliklar bilan tegishli hamkorlik shartnomalarini imzolaydilar.
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan fuqarolarni kamida bir yil davomida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga (ular jami ishchilar sonining kamida 20% tashkil etganda) quyidagi miqdorlarda soliq imtiyozlari taqdim etiladi:
- 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rin yaratilganda – mol-mulk va yer solig‘i 50% ga kamaytiriladi;
- 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rinlari yaratilganda – mol-mulk va yer solig‘i 75% ga kamaytiriladi;
- 200 tadan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilganda mol-mulk va yer solig‘idan to‘liq ozod etiladi.
Shuningdek, Dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga barcha soliqlarni (QQS va soliq agenti sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) hamda bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va (tashkil etilayotgan ish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda) tegishincha 3, 6 va 12 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berilmoqda.
51 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rinlarini yaratgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq auditi o‘tkazilmaydi. Yangi ish o‘rinlari soni 200 tadan oshsa, barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Dasturga kiritilgan tadbirkorlarga bojxonada “yashil yo‘lak” rejimi qo‘llaniladi.
Hujjat bilan:
- «20 ming tadbirkor-500 ming malakali mutaxassis» Dasturini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi;
- «Hamkor tadbirkor» axborot tizimi bilan ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadigan 9 ta vazirlik va idoralar ro‘yxati;
- Dasturni amalga oshirish;
- Dastur doirasida tadbirkorlik subyektlariga soliq va bojxona imtiyozlarini hamda preferensiyalarni qo‘llash;
- amaliy monomarkazlarni tashkil etish, ularni qurish va jihozlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.07.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev
11.07.2023
09:12