O'zbekiston-Vengriya: logistika sohasidagi hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Vengriyaga tashrif doirasida SSP raisi oʻrinbosari Jamshed Urakov Vengriyadagi eng yirik logistika markazlaridan biri “Airport city”ga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston tovarlarini Yevropa davlatlari bozorlariga olib chiqish maqsadida ushbu markaz hududida Savdo-sanoat palatasining logistika xabini ochish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Vengriyada O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan bo‘lib, uning vazifasi O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining manfaatlarini va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ilgari surishdir.
Savdo-sanoat palatasining logistika xabi ochilishi O‘zbekistondan Vengriyaga mahsulot eksportini sezilarli darajada oshirish, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish va ushbu mintaqada respublikaning turizm salohiyatini rivojlantirish imkonini beradi.
O‘zbekiston milliy tovarlarini Vengriya va qo‘shni davlatlar (Ruminiya, Slovakiya, Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya, Avstriya) bozorlariga eksport qilishni xohlovchi tadbirkorlar ushbu SSP logistika xabida o‘z mahsulotlarini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
SSP Matbuot xizmati
28.07.2023
16:27