Jamoatchilik ekspertizasi oʻtkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari oʻtkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholagan holda jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berib kelinmoqda.
Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar boʻyicha nazorat xaridini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori (ID-82065) loyiha yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
1. Loyiha ilovasi bilan tasdiqlanayotgan Nizomning 7-bandiga koʻra:
“Rejadan tashqari nazorat xaridi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridan, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidan qonunchilik buzilishi toʻgʻrisida olingan maʼlumotlar, shuningdek, boshqa davlat organlari tomonidan qonunchilik buzilishi toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlar asosida va ularda holatga huquqiy baho berish uchun yetarli maʼlumotlar boʻlmaganda oʻtkaziladi”.
Bu bilan, adliya organlari tomonidan rejadan tashqari nazorat xaridi amalga oshiriladigan holatlar nazarda tutilmoqda.
Xususan, yuqoridagi band bilan boshqa axborot manbalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidan qonunchilik buzilishi toʻgʻrisida olingan maʼlumotlar ham rejadan tashqari nazorat xaridini oʻtkazish uchun asos boʻlishi belgilanmoqda.
Bunda, adliya organlari Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib, olingan maʼlumotlar asosida rejadan tashqari nazorat xaridini oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Taʼkidlash lozimki, adliya oranlariga bu kabi vakolatni berilishi notoʻgʻri.
Chunki, rejadan tashqari nazorat xaridi uchinchi shaxslar, yaʼni jismoniy va yuridik shaxslar murojaatalri, ommaviy axborot vositalari xabarlari hamda boshqa davlat organlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida amalga oshirilishi mantiqan toʻgʻri boʻlib, mazkur nizom 6-bandi bilan adliya organlari shundoq ham rejali nazorat xaridini amalga oshirish grafigini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
Aytish joizki, ushbu normani amaliyotga joriy etilishi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga haddan ortiq aralashuvlarni hamda qoʻshimcha tekshiruvlarni keltirib chiqaradi.
Shu bois, “boshqa axborot manbalaridan, internet jahon axborot tarmogʻidan qonunchilik buzilishi toʻgʻrisida olingan maʼlumotlar” soʻzlarini mazkur Nizomning 7-bandidan chiqarib tashlash taklif etildi.
2. Loyiha ilovasi bilan tasdiqlanayotgan Nizomning 8-bandiga asosan nazorat xaridi mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan grafikka asosan adliya organi rahbari tomonidan qabul qilingan buyruq asosida amalga oshirilishi taklif etilmoqda.
Biroq, mazkur Nizomning 5-bandi bilan faqat rejali nazorat xaridini amalga oshirish grafigi tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Yaʼni, loyihada rejadan tashqari nazorat xaridini amalga oshirish tartibi belgilangmagan.
Bundan tashqari, yuqoridagi bandda rejali nazorat xaridi tadbirlari aynan qaysi instansiyadagi adliya organi tomonidan amalga oshirilishi aniqlashtirilmagan.
Vaholanki, tuman adliya boʻlimlarida intellektual mulk muhofazasini tashkil qiluvchi xodim shtati koʻzda tutilmagan.
Shu bois, loyihaga rejadan tashqari nazorat oʻtkazish tartibi, grafigi hamda mazkur grafik kim tomonidan tasdiqlanishiga oid qoʻshimchalar kiritilishi lozimligi ta’kidlandi.
Savdo-sanoat palatasi xodimlari hamda Adliya vazirligining mazkur loyihani ishlab chiquvchi masʼullari ishtirokida loyiha yuzasidan muhokama oʻtkazildi hamda yuqorida keltirilgan Palata takliflari Adliya vazirligi masʼullari tomonidan toʻliq qabul qilinib, loyihaga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.
Savdo-sanoat palatasining qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalarini oʻtkazib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash faoliyati davom etmoqda.
11.08.2023
09:54