Tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar – amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 23.01.2023 yildagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-15-son qaroriga asosan Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Bosh vazirga kiritib borish vazifasi yuklatilgan.
Shunga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi tomonidan doimiy ravishda tadbirkorlarning murojaatlar tahlili asosida hududlar va sohalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda va ular qonunchilikka kiritilmoqda.
Xususan, Palata tomonidan bildirilgan quyidagi takliflar “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Hukumat qarorida (382-son, 14.08.2023) o‘z aksini topdi:
- tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda e’lon berish talabini bekor qilish;
- soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqini berish.
Qayd etish lozimki, Soliq kodeksining 231-moddasi (Soliq organlarining hujjatlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tartibi) 4-bandiga asoosan, Soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin boʻladi. Bu qoida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining qarori ustidan shikoyat qilishga nisbatan tatbiq etilmasligi, agar shikoyat boʻyicha qaror ushbu Kodeksning 235-moddasi sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlarida belgilangan muddatlarda yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qabul qilinmasa, soliq organlarining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasiga asosan, har kim bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasida, tadbirkorlik subyektlarining oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, boshqa tashkilotlarning qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi mustahkamlab qoʻyilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi tomonida bildirilgan takliflar tadbirkorlik muhitini yaxshilashda amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini yanada ta’minlashga, ularga o‘z faoliyatlarida yuzaga kelayotgan muammolar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi.
SSP matbuot xizmati
31.08.2023
10:57