Toshkentda Xitoyning Shinjon tovarlari ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish maqsadida 4-6 sentyabr kunlari "O'zekspomarkaz"da kuz mavsumining eng yirik tadbirlaridan biri – O‘zbekiston-Xitoy: Shinjon mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining (CCPIT) Shinjon vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, koʻrgazmadan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlari salohiyatini va ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini ochib berishdan iborat. Tadbir doirasida O‘zbekiston va Xitoy tadbirkorlari yangi aloqalar o‘rnatishga, kelgusidagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ladilar.
Ko‘rgazma doirasida agrosanoat, maishiy texnika, IT, konsalting, tibbiyot sanoati, oziq-ovqat va ichimliklar, choy ishlab chiqarish, qurilish, to‘qimachilik va kimyo sanoati, logistika va energetika sohalaridagi yetakchi Xitoy va O‘zbekiston kompaniyalarining stendlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimidan so‘ng O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda bizning ko‘p yillik hamkorlarimizdan tashqari, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor Xitoyning 130 dan ortiq yirik kompaniyalari ishtirok etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar izchil sur’atda o‘sib kelayotganligi ta’kidlandi. 2022-yil oxirida tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshib, rekord darajadagi 9 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, ikki davlat Rahbarlari bu ko‘rsatkichni joriy yilda 10 milliard dollarga yetkazish bo’yicha aniq vazifani qo‘ydilar, bunga esa birgalikdagi sa’y-harakatlar va muvofiqlashtirilgan tadbirlar orqali erishish mumkin.
Investitsiyaviy yo‘nalishda ham barqaror o‘sish kuzatilmoqda. 2017-yildan buyon o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 5 baravarga oshib, 11 milliard dollarni tashkil etdi. 2022-yilning o’zidayoq Xitoy sarmoyasining 2,2 milliard dollari o‘zlashtirildi. O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida XXR bilan qo‘shma korxonalar soni 3 barobarga oshdi.
Ko‘rgazma Shinjonning serqirraligi va boyligining yorqin ifodasi bo‘ladi. Mehmonlar ko‘rgazmada taqdim etilgan ko‘plab mahsulotlarning ajoyib uyg'unligidan baxramand bo‘lishlari mumkin: an’anaviy va milliy hunarmandchilikdan tortib, zamonaviy texnologik ishlanmalar va innovatsiyalargacha.
Ko'rgazma 6 sentyabrgacha davom etadi — kirish bepul.
SSP Matbuot xizmati
05.09.2023
10:01