Belarus-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi
Joriy yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Belarus ishbilarmonlar kengashining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Belarus Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda shu kunlarda Minsk va Minsk viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Belarus-O‘zbekiston ayollarining birinchi forumi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi Mixail Myatlikov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jamshed Urakov, O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kamoliddin Xasanov, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
M.Myatlikov o‘z nutqi davomida O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, J.Urakov hamkorlik rivojlanib borayotganini, ammo salohiyat hali to‘liq ochib berilmaganini qo‘shimcha qilib, ikki davlat Savdo-sanoat palatalarini ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda davom etishga chaqirdi.
Shuningdek, tadbir davomida K.Hasanov Belarus kompaniyalari va O‘zbekiston tomoni o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning mumkin bo‘lgan loyihalari to'g'risida o'z taqdimoti bilan so'zga chiqdi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Belarus universal tovar birjasi tomonidan taklif etilayotgan ikki tomonlama savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birja mexanizmlari, shuningdek, Belarus va O‘zbekiston korxonalarining eksport imkoniyatlari taqdim etildi.
Tadbir yakunida ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida B2B formatidagi muzokaralar olib borilib, unda dolzarb mavzular va sheriklik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar hamda turli sohalarda hamkorlikning aniq loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
SSP Matbuot xizmati
06.09.2023
10:52