Xitoy Xalq Respublikasining Xunan provinsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Saidkomil Saidnazirxonov Yueyan provinsiyasi Xunan shahri xalq hukumati merining o‘rinbosari Vey Shupin boshchiligidagi Xunan provinsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shuningdek, uchrashuvda Xitoyning qurilish materiallari, issiqlik izolatsiyasi, yog‘ va choy ishlab chiqaruvchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik barqaror rivojlanib borayotganini ta’kidladilar.
S.Saidnazirxonov Xitoy tomoniga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi faoliyati, respublikada xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar haqida so‘zlab berdi.
Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning qo‘shimcha imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Xususan, xorij tomoni O‘zbekistonda turli navdagi xitoy choyiga talab yuqori ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar kelgusidagi hamkorlik masalalarini, xususan, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqa sohalarda Oʻzbekiston va Xitoy kompaniyalari oʻrtasida B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil qilishga kelishib oldi.
SSP Matbuot xizmati
07.09.2023
16:55