Samarqand shahrida Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Samarqand mezbonlik qilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining majlisida bugungi kunda dunyo miqyosida global ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagan edi. Ushbu hayotiy masalalarni keng muhokama etish maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Mazkur tashabbus ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO texnik ko‘magida Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda dunyoning 32 davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etmoqda.
Samarqanddagi kongress markazida xalqaro konferensiyaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga murojaatini Bosh vazir A.Aripov o‘qib eshittirdi.
– So‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalar keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish miqdori keskin oshdi, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi, – deyiladi murojaatda. – Afsuski, keyingi paytda koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimi zanjirlari uzilishi va narxlar oshishiga sabab bo‘ldi.
Bundan rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘proq jabr ko‘rmoqda. Global iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimiga kiritilayotgan investitsiya miqdori kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldiryapti.
O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning 2021 yil oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha global sammit o‘tkazish tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Bugungi anjuman ana shu sammitning mantiqiy davomidir.
Marosimda so‘zga chiqqan FAO Bosh direktori Syuy Dun’yuy xalqaro anjuman yuksak saviyada tashkil etilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi va tadbirning ahamiyatiga to‘xtaldi.
– Men O‘zbekistonni mintaqadagi eng yaxshi va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan joy ekaniga ishonch hosil qilganman, – dedi Syuy Dun’yuy. – O‘zbekistondagi bugungi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik nafaqat mintaqa, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham haqli ravishda e’tirof etilmoqda. Qolaversa, bu ko‘hna zamin qadimiy sivilizatsiyalar beshigi va bugungi kundagi sa’y-harakatlar, rivojlanish jarayoni tufayli albatta yana o‘sha darajaga chiqishiga ishonaman. Ayni dam mamlakatda qishloq xo‘jaligini zamonaviy talablar darajasida taraqqiy ettirish, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish borasida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan ishlar BMT Taraqqiyot dasturi talablariga to‘la mos keladi.
Anjumanda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi xalqaro markaz (IKARDA) rahbarlari ham so‘zga chiqib, mazkur forum va unda muhokama etiladigan masalalar butun dunyo xalqlarining bugungi va ertangi kuniga daxldorligini ta’kidladilar.
Jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziri bugun dunyoning bir qator davlatlarida aholini, hatto mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash qiyinlashayotgani, bu ayniqsa, o‘rta va kam ta’minlangan davlatlarda yaqqol sezilayotganini qayd etdi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun 2030 yilga borib dunyoda ocharchilikni yo‘qotishimiz kerak, dedi Xusrav Noziri.
Yalpi majlisdan so‘ng konferensiya sessiya yig‘ilishlari bilan davom etdi.
Sessiyalarda har bir davlat vakillari o‘z mamlakatlari misolida dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni keng joriy etish, atrof-muhit musaffoligini saqlash, yerdan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
Butun dunyo xalqlari uchun, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish maqsadida ekspress-yo‘laklar ochishga xizmat qiluvchi “Nol ochlik” darajasiga erishish tamoyilini aks ettirgan turli mavzulardagi muhokama, munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda dunyo aholisi yer hosildorligi kamayishi, suv tanqisligi, qolaversa, keyingi yillardagi pandemiya, beqaror geosiyosiy vaziyat singari salbiy holatlarga ko‘p bora duch kelmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham ishtirokchilar Samarqand konferensiyasining o‘tkazilishi ayni muddao bo‘lganini qayd etmoqda.
– Ayni paytda dunyo aholisining global miqyosda jadal o‘sishi kuzatilyapti – dedi Isroil qishloq xo‘jaligi vaziri Avi Dixter. – Taxminga ko‘ra, 2050 yilga borib insoniyat nufuzi 10 milliardlik dovonni zabt etishi kutilmoqda. Iqlim inqirozi xavfi ham kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda global hamkorlik juda muhim. Ya’ni yorqin kelajakni ta’minlash uchun umumiy va alohida xalqlar o‘rtasida konstruktiv fikr almashishni yo‘lga qo‘yish zarur. Ayni jarayonda, ayniqsa, innovatsion yechimlar ko‘proq foyda beradi. Isroilda yillar davomida sohadagi muammolarni hal qilish uchun olimlar va fermerlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikka asoslangan standart yaratildi. Natijada qishloq xo‘jaligi sanoatga aylandi.
Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobrijidaning qayd etishicha, bugungi sharoitda barcha davlatlar va xalqlar uchun sifatli oziq-ovqat ta’minoti eng muhim jihatlardan biri. Masalan, Italiyada sohaga zamonaviy texnologiya, yashil innovatsiyani joriy etish e’tibor markazida. Asosiy maqsad yerning holatiga ta’sir qilmasdan, hosilni ikki barobar oshirishdir.
Anjuman doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi salohiyatini aks ettirgan ko‘rgazmada mamlakatimizning barcha hududlaridan qishloq xo‘jaligi korxonalari va ishlab chiqaruvchilar, klasterlar vakillari o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etyapti. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalari, sohaga joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar namoyish qilinmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida sessiyalarda muhokama qilingan masalalar asosida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
– Pandemiya va boshqa turli global chaqiriqlar bizni eski yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga ruhlantirmoqda, fermerlik harakati va agrobiznesni rag‘batlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligini yuritishning yangi uslublari naqadar muhimligini isbotlayapti, – dedi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov. – Hozir O‘zbekistonda agrooziq-ovqat tarmog‘ini qayta tashkil etish jarayoni kechmoqda. Soha salohiyatini yanada kuchaytirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida jahonning yetakchi olimlarini jalb etish rejalashtirilgan. Yuqori sifatli oziq-ovqat bilan imkon darajasida ko‘proq insonlar qamrab olinishini ta’minlash uchun yangi yechim, innovatsiyalar talab qilinadi. Muhokamalar markazida bo‘lgan shu masalalar Samarqand deklaratsiyasining ham asosini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, hujjatda quyidagi maqsadlar qayd etilgan:
– qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan optimal foydalangan holda rivojlantirish;
– aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ko‘maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish;
– ayollarning agrooziq-ovqat tizimi transformatsiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish;
– davlat miqyosida kichik va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, bunday tuzilmalarning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri A.Voitov bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari, hamkor xorijiy davlatlar vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Anjuman 8 sentyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi. Kunning asosiy voqeligi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi investitsiya forumi bo‘lishi kutilmoqda. Unda mamlakatimiz agrar sohasida ayni paytda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda xorijlik investorlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilanadi.
Konferensiya qatnashchilarining Samarqand viloyatidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan tanishuvi ham ko‘zda tutilgan.
Manba: Uza.uz
08.09.2023
12:06