Toshkentda O‘zbekiston arbitraj haftaligi UzAW-2023 o‘z ishini boshladi
Joriy yilning 11 sentyabr kuni Toshkentda uchinchi yillik O‘zbekiston arbitraj haftaligi UzAW-2023 o‘z ishini boshladi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur tadbir xalqaro arbitraj mutaxassislari va yuridik hamjamiyat uchun MDH mintaqasida va undan tashqarida xalqaro tijorat arbitraji sohasida o'zlarining bebaho tushunchalari va tajribasi bilan o'rtoqlashish uchun noyob platforma hisoblanadi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Devid Xoffman, Buyuk Britaniya adliya vaziri Mayk Frier, O‘zbekiston Oliy sudi raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov va Toshkent xalqaro arbitraj markazi direktori Diana Bayzakova ishtirok etdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov nutq so‘zlab, ushbu tadbir O‘zbekistonda tadbirkorlar va xorijiy investorlar huquqlarini himoya qilish, xalqaro arbitrajni yanada rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi deb ta’kidladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu haftalik doirasida qator tadbirlar, xususan, simpozium, ishchi uchrashuvlar va turli formatdagi davra suhbatlarida xalqaro arbitrajning bir qator dolzarb masalalari muhokama qilinadi.
O‘zbekiston arbitraj haftaligi UzAW-2023 15 sentyabrgacha davom etadi.
SSP Matbuot xizmati
11.09.2023
16:53