Toshkentda korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Qonunining loyihasi muhokama qilindi
2016 yilning 20 oktyabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi binosida “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining loyixasi atroflicha o‘rganib chiqilib keng muxokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrda qabul qilingan PF-4848 sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini ijro etish maqsadida, “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu hujjat, birinchi navbatda, fuqarolar va tadbirkorlarning davlat organlariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamlash, respublikaning investitsiyaviy salohiyatini oshirish, shuningdek, korruptsiyaga oid qonunbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasiga qaratilgan. Mazkur Qonunning maqsadi korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda belgilangan asosiy vazifalar fuqarolarning huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlari muhofazasi, davlat va jamoat institutlarining samarali va barqaror faoliyat yuritishi, korruptsiyaga oid noqonuniy harakatlarning oldini olish, aniqlash, bartaraf etish, ularning oqibatlari, shuningdek, korruptsiyaga yo‘l ochib beradigan sabablar va sharoitlarni yo‘qotishni ta’minlashdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida qayd etganidek, “Qonun hujjatlarini qabul qilishda faqatgina ularning umumiy tamoyillari va mexanizmlarini belgilash bilan kifoyalanish yaramaydi. Avvalo, bu hujjatlar o‘z oldimizga belgilagan maqsadlarimiz va vazifalarimiz tomon ilgari yurishimizni ta’minlashi zarur.
Ta’kidlash kerakki, ko‘p hollarda huquqiy tartibga solishning umumiy tamoyillari va mexanizmlarini belgilab beradigan qonunlarni batafsil o‘rganishni “keyinga” qoldiramiz. Bularning bari siyosiy va iqtisodiy rivojlanish, bozor islohotlarini chuqurlashtirish sohasida ko‘plab masalalar zarur, birlamchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ta’minlanmay qolishiga olib keladi.
Shu bois, Oliy Majlis, hukumat, qonunchilik tashabbusiga aloqador boshqa sub’ektlarning eng muhim vazifasi qonunlar ishlab chiqilishi darajasini shu qadar batafsil doiraga tushirishdan iboratki, toki ular keng ko‘lamdagi aniq munosabatlarni tartibga solsin, ushbu munosabatlarning har bir sub’ekti o‘zining qanday o‘rin egallashini bilsin va o‘z faoliyatida qonunlarning talablariga amal qilsin”.
“Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lida ma’muriy va sun’iy to‘siqlarni qat’iy bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yo‘nalishning mamlakat iqtisodiyotining barqaror taraqqiyotiga oid asosiy omil sifatida izchilligi va davriyligini ta’minlash imkonini yaratadi.
O‘zSSP Matbuot xizmati
20.10.2016
15:27