Gamburg Senati kantsleri davlat ma’muriyati rahbari Korinna Nienstedt bilan uchrashuv
Joriy yilning 27 sentyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov va Gamburg Senati kantsleri davlat ma’muriyati rahbari Korinna Nienstedt o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Gamburg Savdo-sanoat palatasi Sharqiy Yevropa qo‘mitasi raisi Stefan Mirko ham ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston-Germaniya savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning turli jihatlari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston tomoni mamlakatimiz sanoatining turli tarmoqlari salohiyatini namoyish etish maqsadida 2024-yil 9-12-may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Gamburg portining tug‘ilgan kuni” doirasida bir qator tadbirlar tashkil etish taklifini bildirdi.
❕ Portning tug'ilgan kuni – rasmiy davlat bayrami bo'lib, eng yirik bayram va dengiz festivallaridan biridir. U har yili may oyida Gamburgdagi ko'plab joylarda o'tkaziladi va ikki milliondan ortiq tomoshabinni jalb qiladi. 2024 yilda port o'zining 835 yilligini nishonlaydi.
Yig‘ilish ishtirokchilari bunday yirik xalqaro tadbirlar ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirish, o‘zaro savdoni rivojlantirish, qo‘shma sarmoyaviy loyiha va tashabbuslarni ilgari surish istiqbollari va imkoniyatlarini aniqlash, shuningdek, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
SSP matbuot xizmati
28.09.2023
09:32