Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etilishi bo'yicha Prezident qarori qabul qilindi
“Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida” Prezident qarori (PQ-39-son, 23.01.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, 2024-yil 1-fevraldan qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo'shimcha rag'batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi.
Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:
“AAA”, “AA” va “A” toifalar – yuqori barqarorlik reytingi;
“BBB”, “BB” va “B” toifalar – o'rta barqarorlik reytingi;
“CCC”, “CC” va “C” toifalar – qoniqarli barqarorlik reytingi;
“D” toifa – quyi barqarorlik reytingi.
Reyting Soliq qo'mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida e'lon qilib boriladi.
Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko'krak nishoniga tavsiya etiladi.
Shuningdek, qarorga ko'ra, yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar uchun quyidagi rag'batlantirish choralari joriy etiladi:
“AAA” toifadagi tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o'tkazilmaydi, (jinoiy ishlar doirasida o'tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno) shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlarga QQS summasi o'rnini qoplash (qaytarish) bir kunda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi;
4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan “AA” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlarga bo'lib-bo'lib to'lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan yer uchastkalari bo'yicha kamida 15 foiz miqdoridagi dastlabki to'lov bir yo'la amalga oshirilganda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanmaydi hamda bo'lib-bo'lib to'lash muddati 5 yilgacha uzaytiriladi;
“A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlariga:
soliqlar bo'yicha (QQS bundan mustasno) mavjud ortiqcha to'lov summasini qaytarish 3 kunda amalga oshiriladi;
tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizasiya qilishda to'lanadigan QQS summalarini o'zaro hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.
2024-yil 1-apreldan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.
SSP matbuot xizmati
24.01.2024
13:10