“O‘zekspomarkaz”da Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi boshlandi
Yarmarkada mamlakatimizning meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilishga ixtisoslashgan kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2016-yil 1-iyundagi Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va uni har yili o‘tkazib turish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan «O‘zbekoziqovqatxolding», «O‘zvinosanoat-xolding» xolding kompaniyalari, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi, «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasi va «Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direksiyasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur yarmarkada mamlakatimizning meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilishga ixtisoslashgan kompaniyalari ishtirok etmoqda.
Forumda AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi o‘ttizdan ziyod mamlakat qayta ishlash va savdo kompaniyalari, savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari vakillari ham qatnashmoqda.
Birinchi Prezidentimizning 2006-yil 11-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini joriy etish va fermerlik harakatining yanada rivojlanishi uchun keng yo‘l ochib berdi. Natijada intensiv texnologiyalar muntazam joriy qilinib, sifatli va mo‘l hosil yetishtirilmoqda.
Istiqlolgacha respublikamizning don, kartoshka, go‘sht, sut va boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji import hisobidan qoplanar edi. Sohaga qaratilayotgan e’tibor samarasida endilikda xalqimizning kundalik iste’mol tovarlariga talabi mamlakatimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan to‘liq ta’minlanmoqda.
Xalqaro mutaxassislarning e’tiroficha, yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari sarxilligi, xushta’mligi, eng asosiysi, foydali va to‘yimliligi bilan mintaqa va jahon bozorida juda xaridorgir. Shuning uchun ham saxovatli o‘zbek zaminida yetishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatdan biridir.
Joriy yilning 12-15-iyul kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ham buning yorqin isbotidir. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yarmarka yakunlari bo‘yicha qiymati 2 milliard dollardan ziyod meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 270 shartnoma imzolangan. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 27 foizini sabzavot, 25 foizini uzum, 20 foizini meva, 17,6 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, 8,4 foizini dukkakli mahsulotlar, 2 foizini qovun tashkil qilgan.
– Serquyosh yurtingizda yetishtiriladigan mevalarni, ayniqsa, olmani yaxshi ko‘raman, – deydi "Jiujiu Silk" kompaniyasi direktori Ju Liye (Xitoy). – Ko‘rgazmada biz uchun yangilik bo‘lgan kartoshkaning yangi navini ko‘rdik hamda turp sabzavoti haqida bilib oldik. Aslida ham O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar salomatlik uchun g‘oyat muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi, yuqori sifati, ekologik toza va xavfsizligi, raqobatbardoshligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlardan sezilarli darajada yuqori turadi.
– O‘zbekistonda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotchilik ham izchil rivojlanmoqda,– deydi Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Gromiko. – Mamlakatingizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish jarayonining barcha bosqichi zamonaviy talablar asosida, xavfsiz texnologiyalar vositasida amalga oshiriladi. Shu bois meva-sabzavot mahsulotlari sotib olish hajmini yanada oshirish, uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdormiz. Ikki davlat o‘rtasida savdo hajmi yil sayin ortmoqda. Mazkur yarmarka mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini bermoqda.
Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Unga ko‘ra, xalqimiz dasturxoni to‘kinchiligini yanada to‘laroq ta’minlash maqsadida istiqbolda oziq-ovqat ekinlari maydonlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. 170 ming 500 gektar sug‘oriladigan yerlarga don va dukkakli don, sabzavot, kartoshka, moyli va ozuqa ekinlari, boshqa o‘simliklar ekiladi, bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi.
– Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida organik-ekologik toza mahsulot yetishtirish va unga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rafiq Hakimov. – O‘zbekistonda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatini ekologik toza, hozirgi dunyo hamjamiyati tomonidan organik deb nomlanayotgan mahsulotlar tashkil qiladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ekologik toza mahsulotlar iste’mol qilinganda odamlarning o‘rtacha umrining ortishi, aholi orasida har xil kasalliklar tarqalishining oldi olinishi, bolalar o‘limining kamayishi va boshqa muhim ijobiy ko‘rsatkichlarga erishiladi.
Xalqaro forum oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda ho‘l va quruq mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oqlar, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlar va qadoqlash texnologiyalari, transport va logistikaga oid bo‘limlar ishlab turibdi.
Yarmarka doirasida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar va ularning hamkorlari ishtirokida davra suhbatlari, muzokaralar tashkil etilishi, yarmarka qatnashchilarining intensiv bog‘larga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga, sovutish komplekslariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan.
Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.
Manba: O'zА
09.11.2016
11:58