Palatada navbatdagi seminar-trening o‘tkaziladi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarida o‘tkaziladigan rejali tekshiruvlar yuzasidan seminar-trening o‘tkazilishi rejalashtirildi.
An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan tadbir, “Karamatov va advokatlar” Advokatlik firmasi hamkorligida tashkil etilib, 2017 yil 15 iyun kuni soat 15:30da O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Ijro etuvchi qo‘mitasi hamda Palataning hududiy boshqarmalari binolarida videokonferentsiya shaklida davlat tilida tashkillashtiriladi.
Unda mutaxassislar tomonidan mavjud qonunchilik va amaliyotdan kelib chiqib, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi tomonidan joriy yil uchun tasdiqlangan tekshirish reja dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari misolida tekshiruvlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tushuntirish va maslahatlar beriladi, savol javoblar amalga oshiriladi.
Ishtirokchilar tarkibi birinchi navbatda faoliyatida rejali tekshirish o‘tkazilishi rejalashtirilgan, shuningdek, tekshiruv o‘tkazilayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari asosida shakllantiriladi.
Qatnashish istagini bildirgan tadbirkorlar (+99871) 150-60-06 telefon raqami orqali o‘zlari faoliyat yurituvchi hududdagi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bo‘linmalariga murojaat qilishlari mumkin.
O‘zSSP axborot xizmati
02.06.2017
14:05