1-Global tadbirkorlik haftaligining rasmiy ochilish marosimi
2017-yilning 13-noyabr kuni Yoshlar Ittifoqining matbuot klubida 13-18-noyabr sanalarida Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida o‘tkaziladigan 1-Global tadbirkorlik haftaligining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro biznes va texnologiyalar Assotsiatsiyasi (AMBiT), O‘zbekistondagi Global tadbirkorlik tarmog‘i (GEN Uzbekistan), O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-Sanoat Palatasi va GroundZero kovorking markazi boshqa bir qator hamkor va yirik mahalliy kompaniyalar ko‘magida ushbu tadbirga homiylik qilmoqdalar.
O‘zbekiston Global tadbirkorlik tarmog‘iga (GEN) joriy yilda qo‘shilgan bo‘lib, jahondagi eng yirik tadbirkorlik tashubbusining ishtirokchisiga aylandi. Xalqaro biznes va texnologiyalar Assotsiatsiyasi (AMBiT) Global tadbirkorlik tarmog‘ining (GEN ) O‘zbekistondagi rasmiy vakili hisoblanadi.
Global tadbirkorlik haftaligi – bu startap-loyihalarni ishga tushirayotgan, biznes g‘oyalarni amalga tatbiq etayotgan, tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirishga turtki beradigan loyihalarni ishlab chiqayotgan novatorlar va ish beruvchilarga mo‘ljallangan xalqaro tadbir hisoblanadi. Bunday o‘ziga xos tadbir ayni paytda jahonning 160 dan ortiq mamlakatida o‘tkazilib, u insonlarga o‘z layoqatlarini ro‘yobga chiqarishga yordam berib kelmoqda.
Har yining noyabr oyida bir necha kun davomida Global tadbirkorlik haftaligi mahalliy, milliy va xalqaro ko‘lamda o‘tkaziladigan turli tadbirlar orqali dunyoning har xil burchaklarida istiqomat qiladigan insonlarni yangi marralar sari chorlab, ularni ilhomlantirib keladi.
Global tadbirkorlik haftaligining ishchi dasturi alohida mavzularga bag‘ishlangan 6 kunni qamrab oladi: har bir mavzu doirasida ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mahalliy va xalqaro ekspertlarning taqdimotlarida qatnashadilar: tadbirkorlik uchun infratuzilma, startap-harakatlarning rivojlanishi, biznes samaradorligi va taraqqiyoti, innovatsiyalardan foydalanish, ayollar tadbirkorligi va investitsiyalarni jalb etish. Olti kun mobaynida 25 dan ortiq mavzuli sessiyalar, 50 dan ortiq tadbir va seminarlar o‘tkazilishi, hamda 60 dan ortiq spikerlar ma’ruza qilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlarda davlat organlari, mahalliy va chet el assotsiatsiyalari, yirik kompaniyalar vakillari qatnashib, tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi strategiyalarni shakllantirish hamda turli instrumentlarni qo‘llash bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashadilar.
O‘zaro aloqa va hamkorlik uchun platforma vazifasini bajarish, biznesni rivojlantirish uchun O‘zbekistondagi tadbirkorlik ekotizimining barcha vakillarini jalb qilish va rag‘batlantirish – ushbu Global haftalikning bosh missiyasidir.
Global tadbirkorlik haftaligi ishbilarmonlik ekotizimining barcha vakillari va ishtirokchilarini birlashtirishga, ularni o‘zaro hamkorlik uchun yanada yaqin qilishga va tinglanishiga, ta’lim, axborot va qo‘llab-quvvatlash orqali yangi biznes maqsadlar sari ilhomlantirishga yordam beradi. Shu bilan birga, ushbu yirik marosim yurtimiz tadbirkorlarini zamonaviy va xalqaro amaliyotlar, biznesni rivojlantiruvchi instrumentlar bilan tanishtirish, takliflarni ishlab chiqish hamda O‘zbekistonda ishbilarmonlikni taraqqiy ettirishga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni rejalashtirishga katta imkoniyat yaratadi.
13.11.2017
15:00