TIJORAT ARBITRAJI VA HAKAMLIK MUHOKAMASI SOHASIDA XALQARO HAMKORLIK
2018 yil 15 martda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj (hakamlik) sudining raisi Foziljon Otaxonov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining katta yuridik maslahatchisi Aleksey Zverev va bankning boshqa vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Xalqaro tijorat arbitraj sudi va Hakamlik sudlarining tashkil qilinishi, ularning faoliyati hamda O'zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to'g'risida”gi Qonuni loyihasi mazmun-mohiyati bilan mehmonlar tanishtirildi.
Evropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari nizolarni muqobil hal qilish usullarini keng targ'ib qilish, shuningdek hakamlik sudyalari va arbitrlar malakasini oshirish bo'yicha seminar-treninglar tashkil qilish, xalqaro tijorat arbitraji to'g'risidagi qonun qabul qilingandan keyin xalqaro konferensiya o'tkazish bo'yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Taraflar hamkorlikni ikkala tomon uchun ham manfaatli kelishuvlar doirasida davom ettirishga kelishib oldilar.
O'zSSP Axborot xizmati
16.03.2018
11:54