Xalqaro standartlarni joriy etishga qaratilgan amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “O'zstandart” Agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda 2018 yil 16 aprel kuni “Radison Blu Tashkent” mehmonxonasida “Xalqaro standartizatsiya tashkilotining 22000 va 9001 standartlarini respublikamiz korxonalarida joriy etish mahsulotlar eksportini rag'batlantirish va raqobatbardoshligini oshirishning o'rni. Standartlarning yangi tahririga o'tishning amaliyoti” mavzusida amaliy konferensiya tashkil etildi.
Amaliy konferensiyada O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o'rinbosari J.Urakov ishtirok etib, kirish so'zi bilan barcha qatnashchilarni qutladi va xalqaro standartlarni O'zbekistondagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida joriy etishning ahamiyati haqida gapirib o'tdi.
Mazkur tadbirda 80 tadan ortiq mahalliy tadbirkorlik sub'ektlarining vakillari, standartlarni joriy etishga mas'ul mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Xalqaro standartlashtirish tashkilotining 22000 – 2018 oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha standarti yangi tahririning taqdimoti o'tkazildi, unga kiritilgan asosiy o'zgartirish va yangiliklar tushuntirib berildi hamda mazkur standartlarni respublikamizdagi mahalliy ishlab chiqarish korxonalarida joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O'zSSP Axborot xizmati
16.04.2018
18:08