Respublikamizning barcha xududlarida “Yoshlar - kelajak bunyodkori” ko'rgazma savdosi o'tkazilmoqda
O'zbekiston Respublikasi Yoshlarga oid davlat siyosati dasturining ijrosini ta'minlash maqsadida respublikaning har bir xududida may-iyun oylarida “Yoshlar - kelajak bunyodkori” shiori ostida yosh tadbirkorlar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlarining xududiy ko'rgazma savdolari o'tkazilmoqda.
Ushbu ko'rgazmalarining dastlabkisi O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi toshkent shahar xududiy boshqarmasi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi hamda O'zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda 2018 yil 15 may kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida “Yoshlar - kelajak bunyodkori” shiori ostida yosh tadbirkorlar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlarning Toshkent shahar ko'rgazma savdosi o'tkazildi.
Ushbu ko'rgazmada Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik, hunarmandchilik va innovatsion g'oyalar yo'nalishlari bo'yicha umumiy 130 dan ortiq, xususan yosh tadbirkorlardan 50 nafar, yosh hunarmandlardan 50 nafar hamda o'zining innovatsion g'oyalari va “Startup” loyihalari bilan 30 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.
Ko'rgazma davomida yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va startapperlar ko'rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlarga o'zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni namoyish qilish bilan bir qatorda mahsulotlarni sotish imkoniga ham ega bo'ldilar.
Ko'rgazmada ishtirok etgan yosh tadbirkorlar va hunurmandlar uchun ushbu tashkil etilgan ko'rgazmaning yana bir nafli tomoni – faoliyati doirasida yangi hamkorlar orttirishlariga va ishlab chiqarish ko'lamini kengaytirishga homiylar va startapchilar esa o'z innovatsion loyihalarini hayotga tatbiq qilish uchun investorlar bilan muzokaralar o'tkazishlariga imkon yaratilgani bo'ldi.
Toshkent shahar hokimi v.b. J.Оrtiqxodjaev ko'rgazma savdoga tashrif buyurib, deyarli har bir yosh tadbirkor bilan suhbatlashdi. Tadbirkorlik faoliyatida qiyinchiliklarga uchrayotgan yoshlarning muammolarini o'rgandi hamda ular orasidan 10 nafarining muammolari joyida hal etilishi yuzasidan tegishli tavsiya va ko'rsatmalar berdi.
Ko'rgazma savdolar respublikamizning barcha xududlarida 30 iyunga qadar davom etadi.
O'zSSP Matbuot xizmati
17.05.2018
10:39