Toshkentda O'zbekiston-Polsha biznes-forumi o'tkazildi
Joriy yilning 7 iyun kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari A.Papej boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan O'zbekiston-Polsha biznes-forumi o'tkazildi.
Polsha Respublikasi delegatsiyasi tarkibidan oziq-ovqat, qurilish, tibbiyot va biotexnologiya, muhandislik, elektrotexnika, qishloq-xo'jaligi sohalarda faoliyat olib boruvchi 20 ga yaqin yirik kompaniyalar vakillari o'rin olgan.
Ushbu uchrashuv o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek qo'shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qo'shimcha rag'bat sifatida xizmat qiladi.
Uchrashuvni tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida savdo aloqalari yo'lga qo'yilishi va kengayishini qo'llab-quvvatlash, yangi qo'shma korxonalar sonini hamda ikki tomonlama mahsulot aylanmasini oshirishdan iborat.
Uchrashuv davomida Polsha Repsublikasi delegatsiya vakillari O'zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar hamda mamlakatimizda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart sharoitlar va imtiyozlarni yuqori baholab, bugungi davra suhbati O'zbekiston va Polsha ishbilarmon doira vakillari uchun o'zaro tajriba almashish imkoniyati berishini ta'kidlab o'tdilar.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo'llab- quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning huquqiy himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsion jozibadorligini oshirish, tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan EIZ da investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Qayd etish kerakki, 2017 yilda ikki mamlakat o'zaro tovar aylanmasi qariyib 104,9 mln. AQSh dollarni, 2018 yilning oxirgi 4 oyi davomida ushbu ko'rsatgich 46,3 mln. AQSh dollarni tashkil qildi.
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida Polsha investorlari ishtirokidagi 25 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2017 yilga kelib O'zbekiston Respublikasida 2 ta qo'shma korxona va 1 ta energetika, tekstil, farmatsevtika va chiqindilarini qayta ishlash kompaniyalari ochildi.
Uchrashuv so'ngida tomonlar o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, qo'shma korxonalar sonini kengaytirish, investitsion loyihalarni amalga oshirish kabi masalalarini muhokama qilishdi.
Polsha Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari A.Papej ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o'tkazildi.
O'zSSP Matbuot xizmati
07.06.2018
18:21