Taftish to'g'risida nimalarni bilasiz ?
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, xususiy mulk muhofazasi va kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo'lida byurokratik to'siqlarni bartaraf etish, investitsiya muhiti va ishbilarmonlik holatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish va rivojlantirish eng dolzarb vazifalardan biri deb belgilangan bo'lib, ushbu vazifani bajarish yo'lida mustahkam qonunchilik poydevori yaratildi va tadbirkorlik zamon bilan hamnafas xolda jadal sur'atlarda rivojlanayotgan bo'lib, uning uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida qonunchilik bazasi ham muntazam ravishda takomillashib bormoqda.
Tabiiyki, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning moliya-xo'jalik faoliyati amaldagi qonunchilikka muvofiq nazorat idoralari tomonidan tekshiruvdan o'tkazilib boriladi. Bu borada tekshiruvlar qatorida hujjatli taftish (yoki taftish) alohida o'rin tutadi.
Hujjatli taftish (yoki taftish) - bu moliyaviy nazoratning eng to'liq shakli hisoblanadi. Hujjatli taftish deganda taftish qilinayotgan tashkilotning ho'jalik operatsiyalari qonuniyligi va asosliligi, ular buxgalterlik hisobi va hisobotlarida to'g'ri aks ettirilganligini tekshirish bo'yicha nazorat xarakatlari majmui tushuniladi. Taftish iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilishda dalillar to'plashning usullaridan biri bo'lib xizmat qiladi.
Tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy-xo'jalik faoliyatini xujjatli taftish qilish masalalari O'zbekiston Respublikasi JPKning 22-bobida belgilab berilgan, xususan, tadbirkorlik sub'ektini taftish qilish faqat u sodir etgan qonunbuzarlik faktlari bo'yicha qo'zg'atilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilishi mumkin va bunda taftishga tadbirkorlik sub'ektining faqat qo'zg'atilgan jinoyat ishi bilan bog'liq faoliyati qamrab olinishi mumkin. Jinoyat ishi qo'zg'atilgunga qadar, ya'ni tergovga qadar tekshiruv davrida taftish boshqa yuridik shaxslar (byudjet va notijorat tashkilotlar)ga nisbatan tayinlanishi mumkin. Tadbirkorlik sub'ektlarini taftish qilish jarayonida tadbirkorning yuridik xizmati vakillari, savdo-sanoat palatasi (Palataga a'zo sub'ektlarda) va (yoki) jalb etilgan advokatlar albatta ishtirok etishlari lozim.
Taftish o'tkazish uchun kelgan shaxslar uni boshlashdan avval tekshirilayotgan sub'ektni taftish o'tkazish uchun asos bo'lib xizmat qiluvchi hujjatlar (taftish tayinlash to'g'risidagi qaror yoki ajrim, vakolatli organning taftish o'tkazish to'g'risidagi buyrug'i, taftish o'tkazuvchi shaxsning xizmat guvoxnomasi, taftishga ruxsat berish to'g'risidagi maxsus guvoxnoma) bilan majburiy ravishda tanishtirishadi va tekshiruvlarni ro'yxatdan o'tkazish kitobiga yozuv kiritadilar.
Taftish tayinlash to'g'risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o'tkazish haqidagi buyrug'ining ko'chirma nusxalari tekshirilayotgan sub'ektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga imzo qo'ydirib topshiriladi, shuningdek ular xizmat guvohnomasi va taftishga ruxsat berish to'g'risidagi maxsus guvohnoma bilan tanishtirilgan payt taftish o'tkazish boshlangan payt deb hisoblanadi. Ayrim xollarda tekshirilayotgan sub'ektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish o'tkazish uchun asos bo'lgan hujjatlarni olish va ular bilan tanishishdan bosh tortish xolatlari uchrab turadi. Biroq ushbu taftishni bekor qilish uchun asos bo'lib xizmat qilmaydi.
Tekshirilayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish o'tkazish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish o'tkazish uchun asos bo'lgan hujjatlar nusxalarini olganidan va ular bilan tanishib chiqilganidan keyingina taftish o'tkazish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taqdim etishi shart.
Taftish yakunlanganidan so'ng taftish natijalari to'g'risida dalolatnoma tuziladi va uning nusxasi tekshirilayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga topshiriladi va dalolatnoma nusxasi topshirilgan sana taftish o'tkazish tugallangan sana deb hisoblanadi.
Taftishni o'tkazish muddati o'ttiz kundan iborat. Zarur bo'lgan hollarda, tekshirilayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektning hujjatlari hajmi, faoliyatining turi va ko'lamlari hisobga olingan holda, taftish muddati taftish o'tkazuvchi shaxsning asoslantirilgan iltimosnomasiga asosan surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan uzaytirilishi mumkin.
Taftish o'tkazish jarayonida tekshirilayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektning mansabdor shaxslari yoki vakillari quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:
- tekshiruvchi shaxslardan taftish o'tkazish uchun asos bo'lgan hujjatlarni talab qilish, xizmat guvohnomasi, shuningdek taftishga ruxsat berish to'g'risidagi maxsus guvohnoma bilan tanishish;
- o'z faoliyati taftishdan o'tkazilishi to'g'risida tegishli axborotga ega bo'lish, taftish o'tkazuvchi shaxslar tomonidan tadbirlar o'tkazilishi chog'ida tushuntirishlar berish va ular jarayonida hozir bo'lish;
- taftish o'tkazuvchi shaxslarning o'z vakolatiga kirmaydigan masalalarga doir talablarini bajarmaslik va ushbu shaxslarni taftish mavzuiga taalluqli bo'lmagan hujjatlar, axborot va materiallar bilan tanishtirmaslik;
- xizmat guvohnomasini, taftishga ruxsat berish to'g'risidagi maxsus guvohnomani, taftishni tayinlash haqidagi qarorning yoki ajrimning, vakolatli organning taftish o'tkazish to'g'risidagi buyrug'ining ko'chirma nusxalarini taqdim etmagan shaxslarni taftish o'tkazish uchun hududga va binolarga kiritmaslik, shuningdek taftish muddatlari boshlanmagan yoki o'tib ketgan yoxud taftish o'tkazuvchi shaxs tekshiruvlarni ro'yxatdan o'tkazish kitobini to'ldirishni rad etgan taqdirda, hududga va binolarga kiritmaslik;
- taftish tugallangan kunda taftish natijalari to'g'risidagi dalolatnomaning bir nusxasini taftish o'tkazuvchi shaxslardan olish;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taftish natijalari ustidan shikoyat qilish, shu jumladan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qo'shimcha yoki qayta taftish tayinlash to'g'risida iltimosnoma kiritish yo'li bilan shikoyat qilish.
Tekshirilayotgan sub'ektning mansabdor shaxslari yoki vakillari:
- taftish o'tkazuvchi shaxslarni taftish o'tkazish uchun hududga va binolarga kiritishi;
- taftish o'tkazish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish o'tkazuvchi shaxslarning qonuniy talabiga ko'ra taqdim etishi;
- taftish o'tkazuvchi shaxslarning o'z majburiyatlarini bajarishida ularga ko'maklashishi shart.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tadbirkorlik soxasiga oid normativ-huquqiy xujjatlarni muntazam o'rganib borishlari va ularning tub moxiyatini anglab, amaliyotda to'g'ri qo'llashlari o'z faoliyatlarida sodir etilishi mumkin bo'lgan qonunbuzarliklarni oldini olishga va ularga chek qo'yishga xizmat qiladi.
03.07.2018
18:05