Yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliq bo'yicha qarzlari hisobdan chiqarildi
Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq quyidagilarning soliqlar, penyalar, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari bo'yicha hisoblangan qarzlaridan voz kechildi (hisobdan chiqarildi):
2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo'qotgan jismoniy shaxslar va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xo'jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
davlat ro'yxatidan o'tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanganligi uchun bir yillik qat'iy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslar.
Qarzdan voz kechilishi uchun mazkur shaxslar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklashi yoki davlat ro'yxatdan o'tgan holda faoliyatni davom ettirishi lozim bo'ladi.
O'z SSP Matbuot xizmati
30.07.2018
11:19