O'zbekiston hunarmandlari Fransiyada o'tkazilgan festivalda ishtirok etdi
Mamlakatimiz jahonning ko'plab davlatlari bilan madaniy aloqalarini tobora kengaytirib bormoqda. Jumladan, bir qator xorijiy davlatlarda yuqori saviyada o'tkazib kelinayotgan «O'zbekiston madaniyati kunlari» dunyo hamjamiyatining o'zbek madaniyati va san'atiga, yurtimizga, qadimiy an'analarimiz va ibratli qadriyatlarimizga bo'lgan qiziqishini oshirmoqda.
Joriy yilning 20 – 29 iyul kunlari Fransiyaning markazida joylashgan Ganna shahrida “Dunyo madaniyati – Ganna - 2018” xalqaro festivalining ochilishi bo'lib o'tdi.
Unda «Xunarmand» uyushmasi raisi U.Abdullaev boshchiligida uyushmaning a'zolari bo'lgan usta hunarmandlar hamda “Sardoba” folklor-etnografik ansambli va “Lazgi” guruhi ishtirok etdi.
Mazkur tadbir 45 marotaba o'tkazilayotgan bo'lib, unda 700 dan ortiq xorijlik mehmonlar ishtirok etishdi.
Qayd etish lozim, “Hunarmand” uyushmasi tomonidan namoyish etilgan milliy stendlar ishtirokchilarga katta qiziqish uyg'otdi. Ularda o'zbek usta-hunarmandlari tomonidan xalq amaliy san'atining namunlari namoyish etildi.
Xususan, yog'och o'ymakorligi, kashta, miniatyura, milliy liboslar va kulolchilik namunalari shular jumlasidandir. Bundan tashqari o'zbek ustalari fransuz hunarmandlari bilan birgalikda “o'zbek – fransuz do'stligi” deb nomlangan san'at asarini (yog'och o'ymakorligi texnikasi asosida) yaratdilar. Festival doirasida usta-hunarmandlar tomonidan mahorat dasrlari ham o'tkazildi.
Festival doirasida Parijdagi mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan xorijliklar orasida o'zbek xalqining madaniy merosi va an'analarini keng targ'ib qilishga qaratilgan “O'zbekiston madaniyati kunlari” ham tashkil etildi.
Unda “Sardoba” ijodiy jamoasi xalqimizning ko'p asrlik an'analari, zamondoshlarimizning orzulari, umidlari va quvonchlarini aks ettiruvchi dasturlar namoyish etildi.
Bundan tashqari, anjuman ishtirokchilari o'zbek raqs maktabining rivojlanish tarixi, “Shoshmaqom” turlari va ushbu madaniy boylikni saqlab qolish borasidagi sa'y-harakatlar bilan tanishdilar. Chet ellik ishtirokchilarga o'zbek she'riyati va musiqasi chuqur taassurot qoldirdi. Festival mehmonlari “Munojot”, “Mustahzod”, “Yor-yor”, “Kelin-salom” va “Beshik to'yi” kabi marosimlar namoyishini mamnuniyat bilan tomosha qilishdi va zavqlanishdi.
Fransiya madaniyati va an'analari milliy assotsiatsiya prezidenti L.Roxing O'zbekiston delegatsiyasining faol ishtirokini alohida e'tirof etib, o'zbek - fransuz do'stlik munosabatlarini rivolantirish va mustahkamlashga qo'shgan hissalari uchun o'z minnatdorchiligini bildirdi.
O'z SSP Matbuot xizmati
31.07.2018
16:04