Qoraqolpog'iston Respublikasida tadbirkorlik sub'ektlari bilan seminar o'tkazildi
2018 yil 14 avgust kuni Qoraqolpog'iston Respublikasida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Bosh prokuratura, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat bojxona qo'mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub'ektlari uchun ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo'lgan huquqbuzarliklar profilaktikasi masalasiga bag'ishlangan ochiq seminar o'tkazildi.
Seminar mobaynida joriy yilning I-yarim yilligida aniqlangan qonunbuzilish holatlari, ularning sodir etilishi hamda kelib chiqish sabablari tanqidiy muhokama qilindi. Shu bilan bir qatorda seminar davomida tadbirkorlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik, korrupsiya mohiyati va unga qarshi kurashish masalasi bo'yicha atroflicha tushuntirish berildi.
Tadbirda tadbirkorlar doirasida qonuniylikni mustahkamlash, yangi qabul qilinayotgan qonun xujjatlarini joylarda samarali ijro etilishi, mavjud muammolar yechimini topish, tadbirkorlarning huquqiy ongi va biznes yuritish madaniyatini yuksaltirish va ijtimoiy mas'uliyatini oshirish hususida keng fikr almashildi.
Uchrashuvda tadbirkorlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.
O'z SSP Matbuot xizmati
14.08.2018
15:11