Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlash rag'batlantirilmoqda
Hozirda Davlatimiz rahbari tomonidan aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarini turmush darajasini yahshilashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan ohirgi 2 yil ichida nogironligi bo'lgan shaxslarning ijimoiy muammolarini hal qilish, ularning bandligini oshirish, bunday shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish choralarini ko'rish maqsadida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Ta'kidlash joizki, qonunchilikda shundoq ham nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash va bandligini ta'minlashga oid bir qator normalar mavjud. Jumladan, Mehnat kodeksining 68-moddasi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo'lmagan shaxslarga, shu jumladan nogironlarga davlat tomonidan qo'shimcha kafolatlar berilgan. Ushbu kafolatlar qo'shimcha ish joylari, ihtisoslashtirilgan korxonalar, shu jumladan nogironlar mehnat qiladigan korxonalar yaratish orqali ta'minlanishi belgilangan bo'lsada, bu normalar faqat qog'ozdagina qolmokda, amaliyotda esa umuman boshqa holatlar kuzatilayotgani hammamizga ma'lum.
Xalqaro amaliyot tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, ijtimoiy muammolarni hal etishda hususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida ijtimoiy yo'naltirilgan tadbirkorlik shakllari (ijtimoiy korxonalar, ijtimoiy kooperativlar va boshqalar) joriy etilgan bo'lib, ularning faoliyat yuritishi uchun qo'shimcha shart-sharoitlar va imtiyozlar tizimi ham shakllantirilgan.
Bejiz emasdirki, davlat rahbari tomonidan nazardan ancha chetda qolgan masala nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish choralari ko'rilmokda. Misol uchun, Davlatimiz rahbari 2018 yil 11 iyunda imzolagan «Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta'minlashni rag'batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qaror joriy yil 1 avgustdan kuchga kirdi. Qarorda nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimining asosiy yo'nalishlari belgilab berildi. Alohida toifadagi tadbirkorlik sub'ektlariga esa davlat mulki ob'ektlarini «nol» qiymatida sotish bo'yicha o'tkaziladigan tanlov savdolarida manfaatli bitim tuzish yuzasidan ustuvorlik huquqi berilib, davlat mulki ob'ekti uchun ijara to'lovini eng kam to'lov stavkasining 50 foizi miqdorida to'lash imkoniyati ham yaratilmoqda.
Shuningdek, qarorda aylanma mablag'ini to'ldirish uchun – uch oylik imtiyozli davr bilan 18 oygacha bo'lgan muddatga, zarur asbob-uskunalar va materiallar xarid qilish uchun – 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga kreditlar ajratish bo'yicha zarur imtiyozlar berilishi belgilanganini ham qayd etish joiz. Eng muhimi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar bo'yicha foizlarni to'lash uchun kompensatsiya hamda majburiyatlar ta'minoti yuzasidan to'la kafillik beradigan bo'ldi.
Ma'lumki, hujjatning 5-bandida O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor nodavlat notijorat tashkilotlarning nogironligi bo'lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to'g'risida, shuningdek, nogironligi bo'yicha hech qanday kamsitishga yo'l qo'ymaslik, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarishda teng sharoitlar yaratish va ularni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish belgilab qo'yilgan.
Shuni alohida qayd etish joizki, qonunchilikda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini ro'yobga chiqarishda teng sharoitlar yaratish bo'yicha normalar mavjud bo'lgani bilan bu normalarni buzganlik uchun keskin javobgarlik belgilanmasa normalarda o'rnatilgan tizim ishlamaydi. Misol uchun, AQShda norionligi bo'lgan shaxsni nogironligi sabab ishga qabul qilishda rad etilsa – rad etgan tashkilot o'ziga nisbatan katta miqdorda zarar yetkazgan bo'ladi, chunki aholini ijtimoiy zaif qatlamlarini ishga qabul qilishda kamsitilishi uchun keskin javobgarliklar amaliyotda qo'llanib kelinmoqda.
Shu sababdan ham, Qarorda tegishli vazirlik va idoralar zimmasiga qator vazifalar yuklatilgan. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilg'or xorijiy tajriba va milliy amaliyotni chuqur o'rganish, shu asosda ijtimoiy tadbirkorlik sub'ektlarini aniqlashning tartib va mezonlarini, ularning huquqlari, majburiyatlari va faoliyati erkinligi kafolatlarini nazarda tutuvchi zarur normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash topshirildi.
Mazkur Qaror aholining ijtimoiy zaif qatlamini, jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb etish imkoniyatlaridan to'liq foydalanish masalasiga jiddiy ahamiyat qaratilgani bilan ham e'tiborli. Zero, bunday kishilarni turmush tarzini yahshilashga xissa qo'shish har birimizning insoniy burchimizdir.
Nigora Sadikova
28.08.2018
10:36