Samarqand viloyatida tadbirkorlar uchun seminar o'tkazildi.
Samarqand viloyatida tadbirkorlar uchun seminar o'tkazildi 2018 yil 3 oktyabr kuni Samarqand viloyatida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Prokuratura, soliq, bojxona qo'mitasi va hududiy boshqarmalar hamda Bandlik va mexnat inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik sub'ektlari uchun ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo'lgan huquqbuzarliklar profilaktikasi masalasiga bag'ishlangan ochiq seminar o'tkazildi.
Seminar mobaynida joriy yilning 9 oyida aniqlangan qonunbuzilish holatlari, ular sodir etilishi sabablari va imkon yaratayotgan shart-sharoitlar tanqidiy muhokama qilindi. Shu bilan bir qatorda seminar davomida tadbirkorlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik, korrupsiya mohiyati va unga qarshi kurashish masalasi bo'yicha atroflicha tushuntirish berildi.
Xususan, Palataning boshqarma boshlig'i B.Ibadullaev o'z nutqida tadbirkorlar tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklarga asosan mazkur sohani tartibga soluvchi qonunchilik talablari va qonunlarga kiritilayotgan o'zgartirish va qo'shimchalardan tadbirkorlarning yetarli darajada xabardor emasligi, soliq va bojxona organlarining ayrim xodimlari o'z vazifalarini bajarishda mas'uliyatsizlik va suiiste'molchilik holatlariga yo'l qo'yayotganligi oqibatida tadbirkorlarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazilishiga shart-sharoit yaratilayotganligi, shu bilan birga tadbirkorlar o'rtasida qonun talablarini yaxshi bilgan savodli, lekin ularni ochiqdan-ochiq tan olmaydigan, inkor etadigan tadbirkorlar ham uchrab turishligi, lekin sodir etilgan qilmish uchun javobgarlik muqarrar ekanligi haqida so'z yuritdi.
Shuningdek, tadbir davomida tadbirkorlik sub'ektlariga jinoiy, ma'muriy va fuqarolik qonunchiligida belgilangan javobgarlik choralari, so'nggi vaqtda ushbu sohada bo'lgan o'zgarishlar mohiyati tushuntirildi, aniq misollarda tadbirkorlik faoliyatida yo'l qo'yilgan xatolar hamda tadbirkorlik sohasida profilaktika ishlari muhimligi alohida ta'kidlanib o'tildi va tadbirkorlarning huquqiy ongi va biznes yuritish madaniyatini yuksaltirish va ijtimoiy mas'uliyatini oshirish xususida keng fikr almashildi.
O'z SSP Axborot hizmati t.me/uzchamber
04.10.2018
12:26