“Tashabbus-2018” ko'rik tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo'lib o'tdi
Joriy yilning 10 oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o'rtasida an'anaviy tarzda har yili o'tkazilib kelinayotgan “Tashabbus-2018” ko'rik tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi “T.Sulaymon" nomli viloyat anfiteatri binosida bo'lib o'tdi.
Ko'rik-tanlovda ishtirok etgan tadbirkor, fermer va hunarmandlar 5 ta asosiy yo'nalishlar bo'yicha baholandi.
Tadbirni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o'rinbosari I.Jasimov ochib berdi. O'z nutqida, bu yilgi “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovi har yilgidan butunlay o'zgacha formatda o'tkazilayotganligini hamda bu yil nominatsiyalar qatoriga yana 2 ta nominatsiyalar kiritilganligini ta'kidlab o'tdi. Mazkur ko'rik tanlov yurtimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini yanada kengaytirish imkonini beradi, deya e'tirof etdi.
Ko'rik-tanlov doirasida ishtirokchilar tomonidan to'qimachilik va tikuvchilik, qurilish sanoati, xomashyoni qayta ishlash, qishloq xo'jaligi, mahalliylashtirish dasturiga kirgan mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari namoyish etildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatiga xizmat ko'rsatuvchi, jumladan, sug'urta kompaniyalari va tijorat banklari ham o'z stendlari bilan ishtirok etishdi hamda xizmat turlari haqida tashrif buyurganlarga ma'lumot berishdi.
Ko'rik-tanlov yakunlariga ko'ra, yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulov Temur “Yilning eng yaxshi xunarmandi”, “Orol ne'matlari” fermer xo'jaligi fermeri Begmatov Baxodir – “Yilning eng yaxshi fermeri” deb topildi.
“Nilufar gul tarovati” ma'suliyati cheklangan jamiyati sanoat sohasidagi “Yilning eng yaxshi tadbirkori” Tojiboev Dilshod nominatsiyasida g'oliblikni qo'lga kiritgan bo'lsa, “Shirintoy Kichkintoy Sabina” nota'lim muassasasi rahbari Usmonova Barchinoy xizmat ko'rsatish sohasidagi “Yilning eng yaxshi tadbirkori” deb e'tirof etildi.
Yoshlar tadbirkorligiga davlatimiz tomonidan berilayotgan e'tibor hisobga olinib, “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovi nominatsiyalari qatoriga yangi “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” nominatsiyasi kiritilgan edi. Mazkur nominatsiyada “Fibina Tex” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari Begimqulova Dildora ko'rik-tanlovning Sirdaryo viloyat bosqichida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
G'olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari taqdim etildi. Viloyat bosqichida birinchilikni qo'lga kiritgan g'oliblarga respublika bosqichiga yo'llama berildi.
O'z SSP Axborot hizmati t.me/uzchamber
11.10.2018
20:41