Kichik biznes – taraqqiyot va farovonlik omili
2015 yil 27 oktyabrda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan e’lon qilingan «Biznesni yuritish 2016: tartibga solish sifati va samaradorligini baholash» hisobotida qulay ishbilarmonlik muhiti parametrlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning 189 mamlakati orasida 87-o‘rinni egalladi.
Joriy yilda mamlakatimiz mazkur ro‘yxatda o‘z reytingini yaxshilash bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan besh davlat qatoridan joy olgani Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xususiy mulk va kichik biznesning iqtisodiyotdagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar berayotgan yuksak samaralardan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida tashkil etilgan matbuot anjumanida bular alohida qayd etildi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlarida xususiy sektorni jadal rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar rivojlanishning «o‘zbek modeli» asoslaridan biridir. 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturi islohotlarning yangi davrini boshlab berdi.
Davlatimiz rahbarining 2015 yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida bu boradagi vazifalar aniq belgilab berilgan. Jumladan, xususiy mulk va tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish hisobidan tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e’tibor qaratilgan.
Dasturni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali vositasida o‘tkaziladigan elektron savdolar orqali tadbirkorlik sub’ektlaridan birlamchi ehtiyojdagi tovar va xizmatlar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishda soddalashtirilgan tartib joriy qilindi, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan hujjatlarning aniq ro‘yxati tasdiqlanib, unda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlandi, yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkorlarga faoliyatning amalga oshiriladigan turiga bog‘liq holda uch nafargacha ishchi yollash huquqi berildi.
Prezidentimizning 2015 yil 28 sentyabrdagi «Tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab 16 turdagi davlat xizmatlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspektsiyalari negizida tashkil qilinadigan tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari orqali amalga oshiriladi.
2015 yilning 1 iyulidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning biznes tuzilmalari faoliyatiga asossiz aralashish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq murojaatlarni uzluksiz qabul qilish tizimi joriy etildi.
2015 yil 20 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni tadbirkorlik faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxldor qirqdan ziyod hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishiga huquqiy asos bo‘ldi.
Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan so‘rovlar ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.
Manba: uza.uz
30.12.2015
04:42