O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazilayotgan “Tashabbus” ko'rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi yakunlandi.
Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 700 dan ziyod tadbirkor, fermer va hunarmand qatnashib, ulardan 60 nafari g'olib sifatida viloyat bosqichida ishtirok etdi. «Ogaxiy» nomidagi Xorazm viloyati musiqali drama teatrida o'tkazilgan tadbir doirasida tashkil etilgan ko'rgazma ham hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ko'payib, sifati yaxshilanayotganini namoyish etdi.
Ishtirokchlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'rgazma-yarmarkasining tantanali ochilish marosimini Xorazm viloyati xokim o'rinbosari San'at Salaev ochib berdi.
O'z nutqida ishtirokchilarga omad tilagan xolda, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyati xududiy boshqarmasi boshlig'i lavozimiga Murod Vaisovni tayinlanganligini ma'lum qildi.
Tadbir ishtirokchilarini qutlash uchun O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari O'tkir Butaev so'zga chiqdi. "23 yildirki O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o'tkazib kelinayotgan “Tashabbus-2018” ko'rik-tanlovi bu yil yangi formatda o'tkazilmoqda. Tanlov asosiy nominatsiyalar qatoriga yana 2 ta yangi nominatsiya “Sanoat sohasidagi yilning eng yaxshi tadbirkori” va “Xizmat ko'rsatish sohasidagi yiling eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyalari kiritildi. Bu o'z navbatida, tadbirkorlarning keng qatlamini qamrab olishga hamda ularni munosib rag'batlantirishga imkon beradi, - dedi O'tkir Butaev.
Tadbirda viloyatda islohotlar natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish keng yo'lga qo'yilayotgani, fermerlar faqat dehqonchilik bilan emas, balki o'zlari yetishtirayotgan mahsulotlarni qayta ishlayotgani, milliy hunarmandchilik yildan-yilga rivojlanib borayotgani ta'kidlandi.
Hakamlar hay'ati tadbirkorlarning faoliyatini baholashda ishlab chiqarish ko'rsatkichi, mahsulot sifati, raqobatbardoshligi va eksportga mosligiga ham alohida e'tibor qaratdi.
Tadbirda xorijlik sayyoxlar xam ishtirok etib o'zlarining iliq ta'surotlari bilan o'rtoqlashdilar. Bu mamlakatda olib borilayotgan keng isloxotlarni ijobiy baxolab, O'zbekiston jannatmakon o'lka ekanligini ta'kidladilar va ishtirokchilarga g'alaba yor bo'lishini tiladilar.
Sanoat sohasida "Xorazm antiqor invest" ishlab chiqarish korxonasi rahbari Jobbiev Rasulbek, xizmat ko'rsatish yo'nalishida "Milliy botlers" xususiy korxonasi rahbari Ollaberganov Ilxom “Yilning eng yaxshi tadbirkori”, "Vali Baxt Xo'ja" xususiy korxonasi rahbari Qodirov Muzaffar “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, YATT Bog'ibekov Oybek “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, "Yo'ldosh majid" fermer xujaligi rahbari Iskanadarov Yo'ldosh“ Yilning eng yaxshi fermeri”, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo'llanma oldi.
Tanlov yakunida “Yoshlarga eng ko'p ish o'rni yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti” nominatsiyalari bo'yicha ham g'oliblar aniqlanib, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
O'zSSP Axborot xizmati
15.10.2018
16:59