“Tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Palataning roli” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo'yicha professional o'qitish markazi va O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudi tomonidan Toshkent shahrida “Tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Palataning roli” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.
Davra suhbatida “Huquqshunoslik” yo'nalishida qayta tayyorlash va malaka oshirish kursi tinglovchilari ishtirok etdilar.
O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining raisi Foziljon Otaxonov “O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to'g'risida”gi yangi tahrirda qabul qilingan Qonun bilan tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish; tadbirkorlik faoliyati to'g'risidagi qonun hujjatlari normalarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish, tadbirkorlik sub'ektlarining ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini tashkil etish va ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonlariga jalb etish kabi Palataning vazifalari belgilanganligiga davra suhbati ishtirokchilari e'tiborini qaratdi.
Shuningdek davra suhbatida mazkur Qonunga muvofiq Hakamlik sudlari ilk bor Palata tizimiga kiritilganligi, iqtisodiy nizolarni hal qilish uchun Palataga Hakamlik sudlarini tashkil etish huquqi berilganligi, Hakamlik sudlari Palata va uning hududiy boshqarmalari huzurida faoliyat ko'rsatishi alohida moddada belgilanganligi qayd qilindi.
Davra suhbati ishtirokchilari Oliy ta'lim muassasalarida “Huquqshunoslik” fanidan dars berish jarayonida “Tadbirkorlik huquqi”ga maxsus vaqt ajratish va unda tadbirkorlik sub'ektlarini tashkil qilish, tadbirkorlik shartnomalari, tadbirkorlik sub'ektlari bankrotligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini yoritish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.
Seminar kun tartibidagi masalalar savol-javoblar asosida har tomonlanma muhokama qilindi. Jumladan, Savdo-sanoat palatasining serqirra faoliyati, hakamlik muhokamasi afzalliklari, Hakamlik sudlariga murojaat qilish tartibi, uning hal qiluv qarorlarini ixtiyoriy va majburiy ijro qilish masalalari, shuningdek “Huquqshunoslik” fani bo'yicha xalqaro talablarga mos keladigan o'quv qo'llanmasi tayyorlash zaruriyati kabi masalalar davra suhbati ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.
O'z SSP Axborot hizmati t.me/uzchamber
22.10.2018
16:32